Katta Markaziy Osiyo, o'zgarayotgan geosiyosiy landshaft
Markaziy Osiyo Yaqin Sharqning strategik manfaatlari orbitasiga kirib boryaptimi?
May 5 at 10:07
Global geosiyosiy transformatsiyalar chuqurlashib borayotgan, xalqaro tizimda kuchlar balansining yangi konfiguratsiyasi shakllanayotgan sharoitda Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi arab davlatlari — Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon, Qatar, Kuvayt hamda Bahrayn o‘rtasidagi munosabatlar tobora institutsionallashib, ko‘p qatlamli strategik sheriklik formatiga o‘tmoqda. Ushbu jarayon xalqaro munosabatlar nazariyasidagi “ko‘p qutbli tizim” hamda “geoiqtisodiy integratsiya” kabi tushunchalar orqali izohlanadi.
Mazkur ikki mintaqa o‘rtasidagi yaqinlashuvni faqat tarixiy-madaniy omillar bilangina emas, balki o‘zaro manfaatlar uyg‘unligi hamda yumshoq kuch mexanizmlarining faol qo‘llanilishi bilan ham asoslash mumkin. Xususan, Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan Markaziy Osiyoda infratuzilmaviy loyihalar, energetika va logistika sohalariga investitsiya kiritilishi geoiqtisodiy ekspansiya elementi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
2026-yil boshidan boshlab Eron atrofida kuzatilayotgan keskin vaziyat mintaqaviy xavfsizlik dilemmasini kuchaytirib, Yaqin Sharq makonida geosiyosiy beqarorlikni oshirmoqda. Bu holat Fors ko‘rfazi davlatlarining tashqi iqtisodiy faoliyatida xatarlarni diversifikatsiya qilish va muqobil geosiyosiy makon izlashga undamoqda.
Tahlillarga ko‘ra, bugun mintaqada yuzaga kelgan noaniqlik investitsion turg‘unlkni keltirib chiqarib, kapital oqimlarining vaqtinchalik sekinlashuviga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda Fors ko‘rfazi davlatlari tomonidan “xavfsiz aktivlar geografiyasi”ni kengaytirish hamda kontinental barqaror hududlarga yo‘naltirilgan investitsion strategiyalarni kuchaytirish kuzatiladi.
Fors ko‘rfazi arab mamlakatlarining Markaziy Osiyoga nisbatan ortib borayotgan qiziqishini quyidagi siyosiy-iqtisodiy determinantlar orqali tizimli ravishda ifodalash mumkin:
Birinchidan, geostrategik joylashuv – mintaqaning Yevroosiyodagi “transmintaqaviy yo‘laklar” kesishgan nuqtada joylashgani. Ko‘rfaz mamlakatlarini Xitoy bilan bog‘lovchi quruqlikdagi yo‘llar Markaziy Osiyo orqali o‘tishi keng ko‘lamli iqtisodiy loyihalar bo‘yicha, ayniqsa transport-logistika sohasida, muvaffaqiyatli hamkorlik qilish imkonini beradi. Bundan tashqari Yaqin Sharq davlatlari shakllanayotgan ko‘p qutbli jahon tartibotida Markaziy Osiyodagi loyihalar orqali Xitoyga yanada yaqinroq bo‘lishga intiladilar.
Ikkinchidan, energetik geosiyosat – uglevodorod resurslari, “yashil energetika” va energiya tranziti bo‘yicha hamkorlik salohiyati. Markaziy Osiyo davlatlari — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston — uglevodorod resurslari bazasi sifatida maydonga chiqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari — Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari — kapital, texnologiya va global energiya bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ta’minlovchi aktorlar sifatida namoyon bo‘ladi. Natijada “resurs–kapital–texnologiya” zanjiri asosida shakllanayotgan bu hamkorlik neft-gaz sektorini modernizatsiya qilish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish hamda qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini chuqurlashtirish orqali geoiqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Bu jarayon energetik diplomatiya vositasi sifatida siyosiy yaqinlashuvni mustahkamlab, ikki mintaqa o‘rtasida uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchinchidan, madaniy diplomatiya – “sivilizatsion yaqinlik” omillaridan yumshoq kuch vositasi sifatida foydalanish. Keng ma’noda arab davlatlari Markaziy Osiyoga Islom hamjamiyatinining ajralmas bo‘lagi sifatida qaraydilar. O‘z navbatida Markaziy Osiyo davlatlari bunday tashqi diniy ta’sirga ehtiyotkorona munosabatda bo‘ladilar, islomni siyosiylashtirishga qaratilgan barcha harakatlarni cheklaydilar, "ma’rifiy islom"ni targ‘ib qilishda, ziyorat turizmini rivojlantirishda Yaqin Sharq mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qiladilar.
To‘rtinchidan, ko‘p vektorli tashqi siyosat – mintaqa davlatlarining kuchlar muvozanatini saqlagan holda global va mintaqaviy aktorlar bilan muvozanatli hamkorlik yuritadi.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yil boshida Eron atrofidagi vaziyat keskinlashuviga qadar, Fors ko‘rfazi arab mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga kiritib borilayongan sarmoyalar hajmi muttasil ravishda o‘sib borgan. Jumladan, Yevrosiyo taraqqiyot bankining ma’lumotlariga ko‘ra, Fors ko‘rfazi arab davlatlari (BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar) 2024–2025 yillarda Markaziy Osiyoning asosiy investorlari bo‘lib, taxminan $ 9 mlrd. sarmoya kiritdilar, yillik o‘sish esa 50% ni tashkil qildi.
Ko‘rfaz davlatlari tomonidan Markaziy Osiyoga kiritilgan to‘g‘ridan -to‘g‘ri sarmoyalar tahminan $ 24 mlrd. atrofida baholanmoqda (BAA – $16 mlrd., Saudiya Arabistoni – $4,2 mlrd., Qatar $2,4 mlrd., Ummon $1 mlrd., Kuvayt – $1 mlrd.). Asosiy sarmoya kiritilgan davlatlar – O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston. Sarmoyalar kiritilgan asosiy sohalar – energetika, qayta ishlash, qishloq ho‘jaligi, transport - logistika, turizm .
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Ko‘rfaz davlatlaridan eng ko‘p sarmoya jalb qilishni rejalashtirayotgan davlat hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yil boshiga kelib, O‘zbekiston Ko‘rfaz davlatlaridan $4 mlrd. atrofida sarmoya kiritdi. Bulardan $2 -2,5 mlrd. BAA (“Masdar” va “Mubadala” loyihalari), $1 -1,5 mlrd. Saudiya Arabistoni (“ACWA Power” loyihalari), $500 mln. Qatarga to‘g‘ri keladi. Imzolangan shartnomalar asosida yana $20 mlrd. miqdorda sarmoyalarning kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoning "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan mamlakatda qiymati $15 mlrd. loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, "yashil" vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda, saudiyalik hamkorlar bilan yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishi rejalashtirilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Turkmaniston BAAdan neft va gaz sektoriga eng katta sarmoyalarni ($8 mlrd.) jalb qildi, bu BAAning Markaziy Osiyodagi barcha investitsiyalarining 65,4% tashkil qiladi. Yaqin kelajakda yana $8 mlrd. miqdorda sarmoyalarning kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Qozog‘iston shu kungacha o‘zining energetika, qayta ishlash, transport-logistika, qurilish sohalariga Ko‘rfaz davlatlaridan $8 - 8,5 mlrd. atrofida sarmoyalar jalb qildi. Bugungi kunda mamlakatda yana qiymati $15mlrd. atrofida bo‘lgan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
So‘ngi yillarda Ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikning institutsional asoslari ham rivojlanib bormoqda.
2023-yil 19-iyul kuni Jidda shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti ikki mintaqa oʻrtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi va tizimli koʻp tomonlama hamkorlikka asos soldi. Sammit yakunlariga ko‘ra qabul qilingan Ko'rfaz va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida 2027 – yilgacha qoʻshma harakatlar rejasi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, siyosiy muloqot va xavfsizlik masalalari, iqtisodiy hamkorlik va sarmoyaviy imkoniyatlar, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, biznes tarmoqlari o‘rtasida samarali sheriklik aloqalarini o‘rnatish kabi masalalarni belgilab berdi.
Kun tartibida turgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining Samarqanddagi ikkinchi sammitidan yangi strategik qarorlarning qabul qilinishi, oʻzaro hamkorlik institutsional asoslarining yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.
Umuman olganda, Ko'rfaz va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi hamkorlikning bugungi kundagi holati va istiqbollari xususida quyidagi hulosalarga kelish mumkin:
Birinchidan, ikki strategik mintaqa o‘rtasida barqaror o‘zaro hamkorlikni shakllantirish ob’ektiv xarakterga ega bo‘lib, iqtisodiyotlarning tarkibiy jihatdan bir-birini to‘ldirishi va uzoq muddatli strategik manfaatlarning mos kelishi bilan belgilanadi.
Istiqbolda Markaziy Osiyo va Fors ko'rfazi arab mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlik Global Janub doirasida shakllanayotgan ko'p qutbli dunyoning asosiy tarkibiy qismiga aylanishi mumkin. Bu mintaqalar sub’ektliligini mustahkamlaydi, muqobil moliyaviy, investitsion, transport va logistika aloqalarini rivojlantirishga yordam beradi va anʼanaviy Gʻarbiy markazlashganlik modelidan tashqari yangi iqtisodiy oʻsish markazlarini yaratadi.
Ikkinchidan, ikki mintaqa oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning faollashuviga xizmat qilgan asosiy omillardan biri Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilayotgan ichki islohotlar, shuningdek, Markaziy Osiyo doirasida mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi boʻldi. Bu jarayonlar tashqi aloqalarni rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratdi.
Muhimi Markaziy Osiyo davlatlari mintaqani raqobat makonidan yagona investitsiya klasteriga aylantirish, sarmoyalarni jalb qilish strategiyalari bo‘yicha o’zaro hamkorlik qilishlari lozim.
Uchinchidan, Eron Markaziy Osiyoning Ko‘rfazi davlatlari bilan savdo – sotiq va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantitishda muhim geoiqtisodiy ko‘prik vazifasini bajaradi, chunki ikki mintaqani bog‘lovchi va jahon bozorlariga olib chiquvchi eng yaqin tranzit yollar uning hududidan o‘tadi. Shu bilan birgalikda Tehronga nisbatan qo‘llanilayotgan sanktsiyalar va siyosiy xavflar mavjud imkoniyatlarni qisqartiradi, manfaatdor tomonlarni aylanma yollar va hamkorlikning muqobil shakllarini qidirishga majbur qiladi.
Bugungi kunda Eron atrofidagi vaziyatning mavhum holatda qolayotganligi, Yaqin Sharqda katta urush kelib chiqishi ehtimoli Markaziy Osiyoning Ko‘rfaz davlatlari bilan savdo-sotiq va sarmoyaviy hamkorlik aloqalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eron tomonidan Ko‘rfaz davlatlarida joylashgan AQSh harbiy bazalari va ayrim ishlab chiqarish inshootlariga berilgan raketa zarbalari okean ortidan katta mablag‘lar evaziga keltirilgan Havo hujumidan mudofaa (HHM) qurilmalarining nechog‘liq zaif ekanligini ko‘rsatdi. Bunday sharoitlarda Ko‘rfaz davlatlari mudofaa va tiklash ishlari uchun harajatlarni ko‘paytiradilar, bu esa Markaziy Osiyodagi investitsion loyihalar ijrosini sekinlashtiradi.
To‘rtinchidan, Eron atrofidagi vaziyat barqarorlashgan taqdirda, qarama-qarshi tomonlar murosaga kelib, inqirozdan oldingi status-kvo holatiga qaytsalar, Ko‘rfaz davlatlarining Markaziy Osiyodagi investitsion faolligi qaytadan tiklanadi. Yangi sharoitda Ko‘rfaz davlatlari uchun sarmoyalar va ishlab chiqarishni katta urush kelib chiqishi ehtimoli nihoyat yuqori bo‘lgan Yaqin Sharqdan havfsiz, to'qnashuvlardan holi hudud hisoblangan Markaziy Osiyoga joylashtirish afzalroq bo‘lib ko‘rinadi. Bunda asosiy e’tibor savdo va logistika sohasida tez foyda keltiradigan loyihalarni amalga oshirishga, savdo-sotiq aloqalarini Eronni aylanib o‘tadigan Transkaspiy halqaro transport yolagi orqali rivojlantitrishga qaratiladi.
Beshinchidan, umuman, Fors ko‘rfazi arab mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalarning mustahkam va bardavom bo‘lishi Yaqin Sharqda keng qamrovli tinchlik o‘rnatish masalasi bilan chambarchas bog‘ligdir. Bu esa bir qator og’riqli masalalarning (Isroil va Falastin nizosi, Saudiya Arabistoni, Eron, Turkiya, Isroil o‘rtasidagi ziddiyatlar, Livan, Suriya, Yaman, Iroqdagi nobarqaror vaziyat va hokazo) kompleks siyosiy yechimini topish bilan bir qatorda Yaqin Sharqda barqaror va uzoq muddatli mintaqaviy muvozanat o‘rnatilishini taqozo qiladi.
Abror Fatxullayev
bo‘lim boshlig‘i
Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.