Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari gaz quvurlari orqali bog‘lanadimi?
13-Dek, 2025
Matbuot Xizmati
1562 ko'rilgan

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari gaz quvurlari orqali bog‘lanadimi?

Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni ta’minlash masalasida ikki mintaqaning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatini beradigan, transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan oʻzaro manfaatli geoiqtisodiy loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Koʻp yillardan beri muhokama etib kelinayotgan Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston yo‘nalishidagi gaz quvurining qurilishi (TAPI) shunday loyihalar jumlasidandir.

Ma’lumot uchun: 1995-yil 15-martda Turkmaniston va Pokiston hukumatlari AQShning Unocal, Argentinaning  Bridas, Saudiya Arabistonining   Delta shirkatlari ishtirokida TAPI gaz quvuri qurilishi boʻyicha kelishuvga erishdilar. Biroq Afgʻonistondagi ichki vaziyat hamda tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar tufayli yillar davomida mazkur loyihani amalga oshirish imkoni boʻlmadi.

Loyiha boʻyicha gaz quvurining umumiy uzunligi 1814 km., shundan 214 km. Turkmaniston, 774 km. Afg‘oniston, 826 km. Pokiston orqali Hindiston chegarasigacha o‘tadi. Gaz quvuri Turkmaniston janubidagi Galkinish gaz konidan boshlanib, Afg‘onistonning Hirot va Qandahor shaharlari, Pokistonning Kvetta va Multan shaharlari orqali Hindiston g‘arbidagi Fazilka shahriga o‘tadi. Quvurning loyiha quvvati yiliga 33 mlrd. kub metr tabiiy gazni tashkil etadi, loyihaning taxminiy qiymati esa $10 mlrd.

2015-yilda Turkmaniston tashabbusi bilan TAPI loyihasi boʻyicha ishlar qayta jonlantirildi. Shu yilning dekabr oyida mamlakatning Mari shahrida davlat rahbarlari ishtirokida gaz quvuri qurilishiga poydevor qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyihani amalga oshirish ishlarini boshqarish uchun “TAPI Pipeline Company Ltd.” konsorsiumi tashkil qilindi. Turkmaniston hukumati Turkmangaz davlat kompaniyasi orqali mazkur konsorsiumda 85%, Afgʻoniston gaz korporatsiyasi, Pokistonning “Inter State Gas Systems (Private) Ltd.”, Hindistonning eng yirik “GAIL” gaz kompaniyasi esa har biri 5% ulushga egalik qiladi.

Bugungacha Turkmaniston Galkinish gaz konidan Afgʻoniston bilan chegaradagi Serhetabat shahrigacha o‘z hududidan o‘tuvchi gaz quvurini toʻliq qurib bitkazdi.

Joriy yil 20-oktyabrda Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Afgʻonistonga tashrif buyurib, bu yerda Serhetabat – Hirot yo‘nalishidagi uzunligi 153 km. bo‘lgan gaz quvuri qurilishini rasman ochib berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishidagi gaz quvurining 14 km. yotqizib bo‘lingan, yana 70 km. maydonda yer sathini tekislash ishlari olib borilmoqda. Qurilishga 200 dan ortiq maxsus texnika jalb etilgan, olib borilayotgan ishlarga AQShning “Bownstein” shirkati tomonidan konsalting yordami  ko‘rsatilmoqda.

Voqealar rivojida joriy yil 26-oktyabr kuni Qobulda “Tolibon” hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Saudiya Arabistonining “Delta” shirkati rahbarlaridan biri bilan TAPI loyihasini muhokama qildi. Amerikalik diplomat va siyosatchi Zalmay Halilzod ishtirokida o‘tgan bu uchrashuv chogʻida Saudiya tomoni mazkur loyiha ijrosi uchun sarmoyalar ajratish masalasini  koʻrib chiqishga rozilik bildirdi.

Joriy yil 25-noyabr kuni Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov o‘z mamlakatining TAPI loyihasida 30 foiz ulush bilan ishtirok etishi niyatida ekanligini ma’lum qildi.

TAPI loyihasining amalga oshirilishidan tomonlarning manfaatdorligi quyidagi omillar bilan belgilanadi.

1. Turkmaniston loyihaning asosiy benefitsiari hisoblanadi. TAPI Ashxobodga gaz eksporti yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, mavjud Rossiya va Xitoy yo‘nalishlariga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi. Loyiha turkman gazi uchun aholisi 2 mlrd.ga yaqin, istiqbolli bozor sanalgan Pokiston va Hindistonga eksport yo‘lini ochadi. Quvur ishga tushirilgach, har yili 33 mlrd. kub metr turkman gazi Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga yetkazib beriladi.

2. Loyihasining amalga oshirilishi natijasida Afg‘onistonda qariyb 12 ming ish o‘rni yaratiladi, mamlakatning gaz tranzitidan yillik daromadi $1 mlrd.ni tashkil etadi. Bundan tashqari, gaz quvurining ishga tushirilishi Afg‘onistonda boshqa o‘nlab yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun  turtki bo‘ladi.

3. Pokiston uchun Turkmanistondan gaz ta’minoti sanoat va aholining ichki ehtiyojlarining katta qismini qoplashi barobarida suyultirilgan gaz (SNG) va neft importiga qaramlikni kamaytiradi. Shu bilan birga, Hindistonga gaz tranzitini amalga oshirish hisobiga byudjetga tushumlar, gaz quvuri bilan bog‘liq infratuzilma loyihalarida yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

4. Hindiston uchun ham TAPI loyihasining amalga oshirilishi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan mamlakat iqtisodining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojining katta qismini qoplash imkonini beradi hamda asosan Yaqin Sharqdan SNG importiga qaramlikni kamaytiradi. Shu bilan birga, mazkur loyiha Nyu Dehlining Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan “Connect Central Asia” strategiyasiga mos keladi.

Umuman olganda, TAPI gaz quvurining ishga tushirilishidan barcha ishtirokchi davlatlar manfaatdor bo‘lsalarda, mazkur loyihaning amalga oshirilishiga  to‘sqinlik qiluvchi  bir qancha muammolar mavjud.  Jumladan:

A) Loyihani moliyalashtirish

Asosiy kreditor – Osiyo rivojlanish banki (ADB) 2020-yilda loyihani moliyalashtitirishni to‘xtatdi hamda 2022-yilga kelib undan chiqib ketdi. Bank tomonidan 2020-yilda e’lon qilingan hisobotda loyiha bilan bog‘liq bir qator ijtimoiy, institutsional va infratuzilmaviy xatarlarlar ko‘rsatib o‘tilganligi qatorida, uning amalga oshirilishi qo‘shimcha texnik, ijtimoiy va moliyaviy ekspertiza o‘tkazish zarurati (TRTA – Transaction Technical Assistance) bilan bog‘landi.

Hozirgi kunda Afg‘oniston hududidan o‘tuvchi gaz quvurining qurilishi uchun Turkmaniston Tolibon hukumatiga “Afghan Gaz Enterprise” shirkatining loyihadagi ulushi hisobiga qarz berib turibdi. Hindiston va Pokiston esa loyihani rasman qo‘llab-quvvatlasada barcha xarajatlarni Turkmaniston zimmasiga yuklamoqda.

B)  Gaz narxi bo‘yicha bahslar

2020-yildan boshlab Hindiston va Pokiston hukumatlari Turkmaniston tomonidan gazning shartnoma narxini qayta ko‘rib chiqilishini talab qilmoqda. Bunga sabab TAPI bo‘yicha gaz narxi Qatar va boshqa mamlakatlardan import qilinadigan SNG narxidan 5-10% ga yuqori  ekanligi ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, TAPI loyihasida gaz narxi SNG gaz narxidan sezilarli darajada arzon bo‘lmasa, tomonlar loyihada ishtirok etish iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Boz ustiga, joriy yil oktyabr oyida Hindiston Qatar bilan har yili 1 mln. tonnagacha SNG yetkazib berish bo‘yicha 17 yillik shartnomani  imzoladi.

C) Mintaqada harbiy nizolar xavfi

Azaliy qarama-qarshilik tufayli Hindiston Pokiston bilan tranzit boq‘liqlik masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Tomonlar o‘rtasida navbatdagi keskinlik yuzaga kelgan paytda Islomobod TAPI gaz quvuridan Nyu Dehliga siyosiy bosim o‘tkazish uchun foydalanishi mumkinligi Hindiston hukmron doiralarini jiddiy havotirga solmoqda. 

O‘z navbatida Pokiston uchun Hindistonning loyihada boʻlishi muhim ahamiyatga ega, chunki Nyu Dehlining ishtirokisiz Islomobod gaz tranziti uchun yillik kelib tushadigan $700–800 mln. miqdoridagi tushumlardan mahrum bo‘ladi. Afg‘oniston orqali tranzit uchun yiliga $500 mln. to‘lash zarurati barobarida quvur orqali keladigan gazning butun hajmini sotib olish majburiyati Pokiston uchun loyihani samarasiz qilib qo‘yadi.

Mintaqada Pokiston va “Tolibon” hukumati o‘rtasidagi munosabatlarning tobora keskinlashib borayotgani tomonlar o‘rtasida xavfsizlik va chegara masalalarida harbiy nizolarni keltirib chiqarishga qodir jiddiy ziddiyatlar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi.

Boz ustiga, Afg‘onistonda «IShID-Xuroson» kabi terroristik tashkilotlar faoliyati bu yerda TAPI gaz quvurini qurish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ma’lum tahdidlarni yuzaga keltiradi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, TAPI loyihasi istiqbollari xususida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

Birinchidan, TAPI gaz quvuri Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari uchun, shubhasiz, muhim geoiqtisodiy loyihadir. TAPI ishtirokchi mamlakatlar uchun energiya xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash barobarida energetika infratuzilmasini mustahkamlaydi, sanoat o‘sishini rag‘batlantiradi, mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

Ikkinchidan, mazkur loyihaning amalga oshirilishi kompleks ravishda quyidagi masalalarning hal etilishi bilan bog‘liqdir:

- sarmoyalarni himoya qilish va uzluksiz qurilish ishlarini olib borish uchun gaz quvuri o‘tadigan hududlar xavfsizligini ta’minlash, terroristik harakatlar amalga oshirilmasligini kafolatlash;

- xalqaro investorlarni loyihaning rentabelligiga ishontirish, Hindiston va Pokiston tomonidan Turkmanistondan gaz ta’minotiga uzoq muddatli ehtiyoj mavjud ekanligini tasdiqlanishi;

- Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston o‘rtasida loyiha bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, moliyalashtirish masalalarini hal qilish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi qo‘shma komissiyani tashkil qilish.

Uchinchidan, mazkur loyihaga Qozog‘istonning ehtimoliy qo‘shilishi mamlakatning mintaqaviy gaz infratuzilmasidagi rolini kengaytiradi, shu bilan birga uni oddiy eksportchi va tranzit nuqtasidan global oqimlarning faol ishtirokchisiga aylantiradi.

TAPI ishtirokchilari tomonidan Ostona taklifi ijobiy hal qilinishi xalqaro investorlar uchun loyihaning investitsion jozibadorligini oshirishi barobarida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi energetik bogʻliqlikni yanada kuchaytiradi.

   

Abror Fatxullayev,

bo‘lim boshlig‘i

 

*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.