Raqamli evolyutsiya chorrahasida: Sunʼiy intellekt – insoniyatning soʻnggi ixtirosimi?
24-Dek, 2025
Matbuot Xizmati
1004 ko'rilgan

Raqamli evolyutsiya chorrahasida: Sunʼiy intellekt – insoniyatning soʻnggi ixtirosimi?

Insoniyat tarixi – bu aslida vositalar va qurollar yaratish tarixidir. XXI asr boshiga kelib, inson oʻzi yaratgan eng murakkab va sirli aʼzosi – intellektning nusxasini yaratishga kirishdi. Bugun biz nafaqat texnologiya, balki «raqamli ong» evolyutsiyasining guvohi boʻlib turibmiz.

Sunʼiy intellekt (SI) – bu insoniyatning oʻz taxtini boshqa bir kuch bilan boʻlishish yoki unga butunlay topshirish haqidagi bahsli qadamidir. Xoʻsh, bu jarayonning oxiri nima bilan tugaydi? Bu Toʻrtinchi sanoat inqilobining yakuniy nuqtasimi yoki yangi bir davrning boshlanishi?

Bugun SI Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham shiddat bilan kirib kelmoqda. Biz bank tizimidagi “Face ID” dan tortib, tibbiyotdagi diagnostik algoritmlargacha boʻlgan jarayonlarda SIning “qoʻlini” koʻrish mumkin. Ammo bu inqilobning eng katta xavfi – uning inson mehnatini emas, balki inson fikrini almashtira olishidadir. Biz “aqlli shaharlar”, “aqlli fermalar” va “raqamli hukumat” qurmoqdamiz, lekin bu jarayonda inson omilining roli torayib borayotgani inkor etib boʻlmas haqiqatdir.

SI hozirgi zamonning eng tez rivojlanayotgan texnologiyasi boʻlib, insoniyat tarixidagi eng katta oʻzgarishlardan birini vaʼda qilmoqda.

2025-yil dekabr oyiga kelib, SI modellari kodlash, tahlil va avtomatizatsiya jarayonlarida inson darajasiga yaqinlashmoqda. Biroq bu texnologiyaning oxiri nima? U insoniyatni yangi bosqichga olib chiqadimi yoki nazoratdan chiqib, jiddiy xavflar keltiradimi? degan savollarga aniq javob yoʻq.

Tahlillarga koʻra, yetakchi davlatlar kesimida SIning iqtisodiyotdagi ulushi – geosiyosiy va global raqobat uchun asosiy poydevor boʻlib xizmat qilmoqda. SI bozorida Xitoy va AQSH oʻrtasida keskin raqobat mavjud.

Mutaxassislarning fikricha, Xitoy va AQSH SIni milliy xavfsizlik darajasiga koʻtargani bois, 2026-yilga borib ularning iqtisodiyotida SI ulushi 80 foizdan ortishi kutilmoqda. Bu ikki davlat SIni milliy xavfsizlik va iqtisodiy ustuvorlik darajasiga koʻtarganidan dalolat beradi.

Diqqatga sazovor jihati – Hindiston (74%)ning oʻsish surʼatlari. SIning iqtisodiyotdagi ulushi 2021-yilda 38% boʻlgan koʻrsatkichning 2026-yilda 74% ga yetishi, davlatning nafaqat autsorsing markazi, balki SI texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi yirik kuchga aylanganini koʻrsatadi. Ular Yevropa Ittifoqini ham ortda qoldirib, uchinchi yirik SI iqtisodiyotiga aylanish arafasida.

Yevropa Ittifoqi (62%) barqaror oʻsish koʻrsatayotgan boʻlsa-da, Xitoy va AQSHdan biroz ortda qolmoqda. Buning asosiy sababi Yevropaning SI xavfsizligi va etikasiga oid qatʼiy qonunchilik (AI Act) cheklovlari boʻlib, ular innovatsiya tezligini susaytiradi.

Google DeepMind rahbari Demis Hassabisga koʻra, sunʼiy intellekt (AGI – inson darajasidagi universal SI) 5–10 yil ichida paydo boʻlishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2021-yildan 2026-yilgacha boʻlgan davrda SIning sohalar kesimida joriy etilishi eksponensial oʻsish bosqichida. Bu navbatdagi texnologik trend emas, balki dunyo iqtisodiyotining tubdan oʻzgarishini anglatadi.

Maʼlumotlarga koʻra, AT va Marketing sohalari 2026-yilga kelib deyarli toʻliq SI nazoratiga oʻtadi.

AT sohasida 2023-yildagi 68% lik koʻrsatkichning 2025-yilda 84% ga oʻsishi SIning nafaqat kod yozishda, balki murakkab tizimlarni loyihalashda asosiy vositaga aylanganini ifodalaydi.

Marketing va SMM eng katta «inqilobiy sakrash»ni amalga oshirdi. 2021-yilda atigi 35% boʻlgan koʻrsatkich, 5 yil ichida 90% ga yetishi – ijodiy mehnatning raqamli algoritmlar bilan uygʻunlashib ketganidan dalolat beradi.

Tahlillarga koʻra, yana shunday qiziqarli dinamika Tibbiyot (65%) va Sanoat (58%) yoʻnalishlarida kuzatilmoqda. Tibbiyot sohasida 2024-yildan 2026-yilgacha boʻlgan davrda oʻsish barqarorlashgan (40% dan 65% ga). Bu SIning tibbiyotda diagnostik vosita sifatida oʻrni mustahkamlanganini, lekin inson omili va etik meʼyorlar sababli 100 foizlik avtomatizatsiyadan yiroq ekanini koʻrsatadi.

Sanoatda 2021-yilda 15% boʻlgan koʻrsatkichning 2026-yilda 58% ga chiqishi – Toʻrtinchi sanoat inqilobining real ifodasi boʻlib, zavod va fabrikalarda robotlar va SI boshqaruvni qoʻliga olganidan dalolat beradi.

Qishloq xoʻjaligi (32%) hozircha eng past koʻrsatkichga ega. Biroq, 2021-yildagi 8% dan 2026-yildagi 32% gacha boʻlgan 4 barobarlik oʻsish — bu sohada SIning potensiali katta ekanini va kelajakdagi “Aqlli fermerlik” (Smart Farming) uchun ulkan poydevor qoʻyilayotganini anglatadi.

SIning sohalarda joriy qilinishiga kelsak, tibbiyot yoʻnalishida SI yordamchi vosita emas, balki diagnostika aniqligini oshiruvchi va inson imkoniyatlarini kengaytiruvchi strategik hamkorga aylanmoqda.

Yuqoridagi grafikda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, tibbiyotda SI joriy etilishi 2026-yilga kelib 65% ga yetishi kutilmoqda. SI tizimlari tasvirlarni (Rentgen, MRT, KT) tahlil qilishda fenomenal natijalar koʻrsatmoqda. Google kompaniyasining SI algoritmi koʻkrak bezi saratonini rentgen tasvirlari orqali aniqlashda tajribali radiologlardan koʻra aniqroq natija bergan. U "yolgʻon ijobiy" natijalarni 5,7% ga kamaytirgan.

SI koʻz tubini skanerlash orqali qandli diabet retinopatiyasini 94% aniqlikda koʻrsata oladi. Bu koʻrsatkich koʻp yillik tajribaga ega shifokorlar bilan tengdir.

Anʼanaviy usulda yangi dori vositasini yaratish uzoq vaqt hamda salmoqli investitsiyani talab qiladi. SI bu jarayonni keskin tezlashtirdi. Insilico Medicine kompaniyasi SI yordamida fibrozga qarshi yangi dori formulasini bor-yoʻgʻi 46 kunda yaratdi. Odatda bunga 5-8 yil vaqt ketar edi. Massachusets texnologiya instituti (MIT) olimlari SI yordamida "Galitsin" deb nomlangan kuchli antibiotikni kashf qildi. U ilgari mavjud dorilarga chidamli boʻlgan bakteriyalarni ham yoʻq qila oladi.

Jarrohlikda SI qoʻl titrashini yoʻqotish va murakkab amaliyotlarni mikroskopik aniqlikda bajarish imkonini bermoqda. Da Vinci tizimi SI yordamida jarrohning harakatlarini tahlil qiladi va xatolarni minimallashtiradi. SI jarrohga qaysi toʻqimani kesish xavfsiz ekanini real vaqt rejimida koʻrsatib turadi.

SI boshqaruvidagi STAR (Smart Tissue Autonomous Robot) roboti yumshoq toʻqimalarda operatsiyani mustaqil ravishda inson-jarrohdan koʻra sifatliroq bajarishga muvaffaq boʻldi.

Tibbiyotda SIning asosiy vazifasi – shifokorni almashtirish emas, balki uning "koʻzi va qulogʻi" boʻlishdir. SI maʼlumotlarni qayta ishlaydi, shifokor esa yakuniy insoniy qarorni qabul qiladi. Bu esa tibbiy xatolarni kamaytirib, millionlab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini beradi.

Taʼlim yoʻnalishida SI nafaqat tizimini avtomatlashtirmoqda, balki uni individuallashtirish (har bir oʻquvchiga moslashtirish) imkonini bermoqda. SI oʻquvchining bilim darajasini, qaysi mavzuda qiynalayotganini va qaysi vaqtda yaxshiroq oʻzlashtirishini tahlil qiladi. Tadqiqotlarga koʻra, SI asosidagi personallashtirilgan platformalardan foydalangan oʻquvchilarning matematikadan oʻzlashtirish koʻrsatkichi anʼanaviy metodlarga qaraganda 30% ga yuqori boʻlgan.

Til oʻrganish sohasi SIdan eng koʻp foyda olayotgan yoʻnalishdir. Duolingo ilovasi SI yordamida siz tez-tez xato qiladigan soʻzlarni eslab qoladi va ularni takrorlash uchun maxsus mashqlar yaratadi. 2023-yilda kompaniya "Duolingo Max"ni ishga tushirdi, unda SI bilan real vaqtda muloqot qilish va xatolarni tushuntirib berish imkoniyati mavjud.

Elsa Speak ilovasi esa SI talaffuzni tahlil qilib, qaysi harfni notoʻgʻri ekanini koʻrsatib beradi.

Koʻzi ojizlar uchun Microsoft kompaniyasining Seeing AI loyihasi kitobdagi matnlarni ovozga aylantirib, atrofdagi voqealarni tasvirlab bermoqda. Eshitishda nuqsoni borlar uchun SI real vaqt rejimida maʼruzalarni subtitrlarga aylantiradi va imo-ishora tilini matnga oʻgiradi.

Mutaxassislarning fikricha, kelajakda taʼlimda diplomning qadri emas, balki SI bilan ishlash koʻnikmasi birinchi oʻringa chiqadi.

Iqtisodiyot va atrof-muhitni asrash yoʻnalishida SI iqtisodiyot va ekologiya oʻrtasidagi anʼanaviy ziddiyatni bartaraf etuvchi asosiy koʻprikka aylanmoqda. U nafaqat Yalpi ichki mahsulot (YaIM) oʻsishini taʼminlaydi, balki “yashil” texnologiyalar orqali sayyoramizni asrashda ham inqilobiy qadamlarni taklif etmoqda. SI iqtisodiyotda “optimizator” vazifasini bajarish barobarida resurslarni toʻgʻri taqsimlash orqali xarajatlarni kamaytiradi. Tahlillarga koʻra, 2030-yilga kelib SI jahon iqtisodiyotiga qoʻshimcha 15,7 trln dollar hissa qoʻshishi kutilmoqda. Bu hozirgi Xitoy va Hindistonning umumiy YaIMdan ham koʻproqdir.

Amazon va Alibaba kabi gigantlar SI yordamida logistika xarajatlarini 15-20% ga kamaytirishga erishdi. SI tovarlar qayerda va qachon kerak boʻlishini tahlil qilib, ortiqcha ishlab chiqarishning oldini oladi.

Shuningdek, JPMorgan kabi banklar SI yordamida bozordagi tebranishlarni insonlardan 100 barobar tezroq tahlil qilib, moliyaviy inqirozlar xavfini minimallashtirmoqda.

Google oʻzining maʼlumotlar markazlarini (data-markaz) sovutish tizimini SI boshqaruviga topshirgach, elektr energiyasi isteʼmolini 40% ga kamaytirishga muvaffaq boʻldi. Bu millionlab tonna karbonat angidrid chiqindisi kamaydi degani.

AMP Robotics kabi kompaniyalar SI yordamida ishlaydigan robotlarni yaratdi. Ular chiqindilar oqimi ichidan qayta ishlash mumkin boʻlgan plastmassa, qogʻoz va metallarni insonga qaraganda 2 barobar tezroq va aniqroq ajratmoqda.

John Deere kompaniyasining SI bilan jihozlangan traktorlari daladagi har bir oʻsimlikni alohida skanerlaydi. U gerbitsidlarni butun dalaga emas, balki faqat begona oʻtlar ustiga sepadi. Bu kimyoviy moddalar sarfini 90% ga kamaytiradi hamda tuproq zaharlanishini oldini oladi. SI asosidagi sugʻorish tizimlari ob-havo maʼlumotlari va tuproq namligini tahlil qilib, suvni faqat zarurat boʻlganda beradi. Bu esa oʻz navbatida suv sarfini 30-50% ga tejaydi.

Shuningdek, SI iqlim modellarini yaratishda bebahodir. U muzliklarning erishi yoki dengiz sathi koʻtarilishini millionlab ssenariylar asosida hisoblab chiqadi. Bu davlatlarga kelajakdagi tabiiy ofatlarga oldindan tayyorgarlik koʻrish imkonini beradi.

Shu bilan birga, soha rivoji qator muammolarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.

Birinchidan, mehnat taqsimoti yoʻnalishida: Sunʼiy intellekt va ish oʻrinlari masalasi – bu toʻrtinchi sanoat inqilobining eng ogʻriqli va munozarali nuqtasidir.  Bu jarayonni shunchaki “ishsizlik” deb emas, balki mehnat bozorining global qayta qurilishi deb tushunish toʻgʻri boʻladi. Millionlab oddiy ishlar avtomatizatsiya qilinadi. Hozirda SI birinchi navbatda bir xil takrorlanuvchi va maʼlumotlarni qayta ishlash bilan bogʻliq vazifalarni bajarmoqda. Misol uchun, mijozlarni qoʻllab-quvvatlash (Call-center), tarjimonlik, grafik dizayn va illyustratsiya, dasturlash soahalarini deyarli mukammal bajarmoqda.  

Aslida, sunʼiy intellekt insonni ishidan ayirmaydi, balki sunʼiy intellektdan foydalanishni biladigan boshqa bir inson uni ishidan ayirishi mumkin.  

Ikkinchidan, dezinformatsiya va manipulyatsiya: Deepfake (soxta) videolar saylovlarga taʼsir qilishi mumkin yoki hozirda yoshlarni azart oʻyinlar, moliyaviy piramidalarga ishontirish uchun mashhur shaxslarning deepfake videolari SI yordamida yaratilmoqda. Tarmoqlarda soxta yangiliklar haddan ziyod koʻpaygan.

Uchinchidan, xavfsizlik va kiberhujumlar: Tahlillarga koʻra, SI hujumlarni murakkablashtiradi va kritik tizimlarda (energiya, transport) favqulodda hodisalar keltirib chiqarishi mumkin. 

Toʻrtinchidan, ekzistensial xavflar: AGI paydo boʻlsa, u inson qadriyatlariga mos kelmasligi mumkin. Misol oʻrnida, «ChaosGPT» kabi eksperimental agentlar insoniyat rolini pasaytirishni maqsad qilgan, ammo hozircha buning ilojisi yoʻq.

Intellekt transformatsiyasi haqida soʻz borganda eslab qolish qobiliyatining susayishi – bu evolyutsion jarayon ekanini anglashimiz darkor. Insoniyat doimo shunday bosqichlardan oʻtgan. Yozuv paydo boʻlganda: Suqrot yozuv odamlarni donishmandlikdan mahrum qiladi va xotirani susaytiradi deb hisoblagan. Kalkulyator paydo boʻlganda: Matematiklar odamlar oddiy hisob-kitobni unutishidan xavotir olishgan. Miyamiz maʼlumotni “saqlash” funksiyasini SIga topshirib, koʻproq tahlil qilish va ijod qilish funksiyasiga oʻtishi kerak boʻladi. Ammo bu jarayonda “raqamli amneziya”ga uchrab qolmaslik uchun taʼlim tizimida xotirani mashq qildiruvchi yangi usullar (masalan, SI bergan maʼlumotni tanqidiy tahlil qilish) kerak boʻladi.

SI kasalliklar, ochlik va energiya taqchilligi ustidan gʻalaba qozonishga yordam berishi barobarida xotirani susayishi, odamlarni “raqamli qullikka” – algoritmlar tavsiyasisiz qaror qabul qila olmaydigan holatga tushirib qoʻyishi mumkin.

SI – bu insoniyatning oxirgi ixtirosi boʻlishi mumkin. Chunki keyingi barcha ixtirolarni inson emas, balki inson va SI simbiozida amalga oshiriladi. Kelajakdagi asosiy koʻnikma: SIga toʻgʻri savol bera olish (Prompt Engineering) va uning javoblarini saralash “Tanqidiy fikrlash”dir. SI bizga tayyor ovqatni beradi, lekin uni hazm qilish va undan kuch olish insonning oʻz vazifasi boʻlib qolaveradi.

Bu yoʻlda xavflarni unutmaslik kerak. Ish oʻrinlarining oʻzgarishi, maʼlumotlar xavfsizligi, algoritmik adolatsizlik, dezinformatsiya va uzoq muddatli xavflar. Bu xavflarni yengil qabul qilgan mamlakatlar orqada qolishi mumkin. Faqat ochiqlik, ilmiy hamkorlik, qatʼiy etik meʼyorlar va zamonaviy regulyativ mexanizmlar bilan ularni yengib oʻtishimiz mumkin.

Bugun insoniyat tarixiy chorrahada. Sunʼiy intellekt bizga qudratli kuch beradi – uni qanday ishlatishimiz esa oʻzimizga bogʻliq. Agar biz uni inson qadr-qimmati, adolat va umuminsoniy manfaatlar yoʻlida yoʻnaltirsak, kelajak avlodlar bizni minnatdorlik bilan eslaydi.

Kelajak ochiq sahifa. Uni qanday toʻldirishimiz – bugungi qarorlarimizga bogʻliq. Insoniyatning yangi uygʻonishiga, sogʻlom, boy, erkin va ijodiy jamiyatga yoʻl ochishda sunʼiy intellekt katta xizmat qiladi. Biz buni uddalay olamiz – chunki asosiy intellekt hali-hamon insonda.

 

 S.Zokirov

professor-oʻqituvchi

 

*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.