Global shaxmat taxtasida yangi yurish: AQShning Milliy xavfsizlik strategiyasi nimani o‘zgartiradi?
Global miqyosda geosiyosiy keskinlik kuchaygan, xalqaro munosabatlar tizimi jiddiy sinovlarni o‘z boshidan kechirayotgan bir paytda joriy yil 4-dekabrda e’lon qilingan AQShning milliy xavfsizlik bo‘yicha yangi strategiyasi siyosatshunos va ekspert doiralari orasida qizg‘in baxs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Muhokama etilayotgan asosiy mavzular: yangi strategiya xalqaro maydonda kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi, an’anaviy ittifoqchilar o‘rtasidagi bo‘linish qanday oqibatlarga olib keladi, global xavfsizlik tizimi nechog‘liq barqaror bo‘ladi, AQSh siyosatining o‘zgarishi globallashuv jarayonlarini zaiflashtirib, mintaqaviylashuv jarayonlarini kuchaytiradimi?
Strategiyaning asosiy mazmuni shundan iboratki, endilikda AQSh “global rahbarlik“ va “universal qadriyatlarni himoya qilish” g‘oyalaridan voz kechib, “milliy manfaatlar ustuvorligi” va «moslashuvchan realizm» tamoyillariga asoslangan pragmatik siyosat olib boradi.
Shu bilan birga “kuch orqali tinchlik” tamoyili ustuvorligini ta’minlash maqsadida AQSh o‘z manfaatlariga zarar yetishining oldini olish uchun iqtisodiy, texnologik va harbiy ustunlikni saqlab qolish huquqini ega bo‘ladi .
Global hukmronlikka intilishdan voz kechish barobarida Vashingtonning yangi maqsadi – hech qanday davlatga global va mintaqaviy gegemonlikka erishishga yo‘l qo‘ymasdan kuchlar muvozanatini saqlab qolish ekanligi ta’kidlangan.
Strategiyada ko‘p tomonlama institutlar va millatlar ustida turuvchi tuzilmalar faoliyatiga salbiy baho berilib, Qo‘shma Shtatlar xalqaro maydonda ko‘proq bir tomonlama mustaqil harakat qilishi ma’lum qilingan.
Hujjatda mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida Osiyo-Tinch okeani va Lotin Amerikasi mintaqasi ko‘rsatilgan, Yevropa va Yaqin Sharq esa ikkinchi darajali mintaqalar qatoridan o‘rin olgan.
Umuman olganda, AQSh tashqi siyosatidagi bunday keskin o‘zgarishlar global miqyosda kuchlar muvozanatiga, nazarimizda, quyidagicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin:
1. Ustuvor yo‘nalish - Osiyo va Lotin Amerika
Osiyo yo‘nalishida AQSh ning ko‘zlagan strategik maqsadlari raqobatdosh kuchlarning, birinchi navbatda Xitoyning yuksalishiga to'sqinlik qilish, Yaponiya, Avstraliya, Hindiston bilan ittifoqlarni mustahkamlash, mintaqaviy muvozanatni saqlab turishdir.
Tramp ma’muriyati AQShning so‘nggi yillardagi Xitoyga nisbatan tanlagan strategiyasi o‘zini oqlamadi degan fikrda. Ya’ni erkin savdo tamoyili Xitoyning demokratlashuv jarayonini tezlashtiradi degan liberal g‘oya o‘z tasdig‘ini topmadi. Yangi strategiya hech qanday g‘oyasiz o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish asosida mintaqaviy va global farovonlikga erishishni taklif qiladi.
Tayvan masalasida ham yondashuvlar o‘zgargan. Endilikda AQSh Tayvanning Xitoy avtoritarizmiga qarshi kurashish g‘oyasini emas, balki geosiyosiy va manfaatli hamkorlikga urg‘u beradi. Janubiy-Xitoy dengizi uzra nazoratni amalga oshirishda J.Koreya va Yaponiya singari ittifoqdosh davlatlarning sezilarli ishtirokini talab qilmoqda. Tayvan ustidan mojaro yuzaga kelgan taqdirda Ittifoqchi davlatlar o‘z rollarini hamda majburiyatlarni aniq belgilab olishlari kerak bo‘ladi.
Lotin Amerikasi global raqobat maydonlaridan biri sifatida baholanadi. Strategiya mintaqada Xitoy va Rossiya ta’sirining kuchayishini AQSh manfaatlariga xavf deb ko‘radi va bu jarayonga asosan iqtisodiy, texnologik hamda diplomatik vositalar orqali javob berishni ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, Lotin Amerikasi davlatlari bilan teng huquqli sheriklik, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni oshirish va yashil hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.
Shuningdek, strategiyada demokratiya, inson huquqlari va mintaqaviy barqarorlik markaziy o‘rin egallaydi. AQSh migratsiya muammosini faqat xavfsizlik masalasi sifatida emas, balki qashshoqlik, korrupsiya va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq kompleks muammo sifatida talqin etadi. Shu bois Markaziy Amerika va Karib havzasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi hamkorlikni kuchaytirish orqali mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash maqsad qilingan.
2. Kuchlar muvozanatini saqlash
Strategiyada kuchlar muvozanatini saqlash masalasi global barqarorlikning asosiy sharti sifatida talqin qilinadi. AQShning yakka tartibdagi ustunligidan ko‘ra, ittifoqlar va hamkorlar bilan birgalikda muvozanatni ta’minlash g‘oyasi ilgari suriladi. Xususan, NATO, Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi sherikliklar (QUAD, AUKUS) orqali raqib davlatlarning (asosan, Xitoy va Rossiya) harbiy va siyosiy ta’sirini cheklash, shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikdan qochish muhim deb ko‘riladi. Bu yondashuv kuchlar muvozanatini kollektiv tiyib turish (collective deterrence) orqali saqlashni nazarda tutadi. Global va mintaqaviy kuchlar muvozanatini saqlab qolish, jahon tartibotida ustunlikni qo‘lga kiritishga intilayotgan raqiblarning paydo boʻlishini oldini olish maqsadida Vashington o‘z ittifoqchilari va hamkorlari bilan zarur boʻlgan preventiv choralar koʻrish huquqini saqlab qoladi.
Shuningdek, strategiyada kuchlar muvozanati faqat harbiy soha bilan cheklanmasligi ta’kidlanadi. Iqtisodiy barqarorlik, texnologik ustunlik, ta’minot zanjirlarining xavfsizligi, kiber va axborot makonidagi ustunlik ham muvozanatni saqlashning muhim omillari sifatida ko‘rsatiladi. AQSh raqobatni ochiq urush emas, balki uzoq muddatli strategik raqobat shaklida olib borishni, xalqaro huquq va qoidalarga asoslangan tartibni saqlab qolish orqali global kuchlar nisbatida barqaror muvozanatni ta’minlashni maqsad qilgan.

3. “Moslashuvchan realizm”ni amalga oshirish
Strategiyada “moslashuvchan realizm” (flexible realism) tushunchasi an’anaviy realizm yondashuvining zamonaviy sharoitga moslashtirilgan shakli sifatida izohlanadi. Bu yondashuv davlat manfaatlari va kuch omilini inkor etmagan holda, o‘zgaruvchan global muhitga moslashish, qat’iy dogmatik siyosatdan voz kechish va vaziyatga qarab qaror qabul qilishni nazarda tutadi. Ya’ni AQSh doimiy qarama-qarshilik yoki mutlaq ustunlikka intilishdan ko‘ra, real imkoniyatlar va mavjud resurslarni hisobga olgan holda siyosat yuritishni muhim deb biladi.
Moslashuvchan realizm, shuningdek, raqobat va hamkorlikni bir vaqtning o‘zida olib borish tamoyili bilan bog‘lanadi. AQSh raqib davlatlar bilan strategik raqobatni saqlagan holda, iqlim o‘zgarishi, yadroviy xavfsizlik, pandemiyalar kabi umumiy muammolar bo‘yicha cheklangan hamkorlik imkoniyatlarini ochiq qoldiradi. Shu tariqa, moslashuvchan realizm kuch ishlatishga asoslangan qat’iy realizm va faqat qadriyatlarga tayanadigan idealizm o‘rtasida muvozanatli, pragmatik yo‘l sifatida talqin qilinadi.
4. An’anaviy ittifoqlarning zaiflashuvi
Yangi Milliy xavfsizlik strategiyasida ittifoqdosh davlatlar bilan munosabatlar mintaqalar kesimida differensial va funksional yondashuv asosida tahlil qilinadi. Ya’ni har bir ittifoq guruhi AQSh uchun turli strategik vazifalarni bajaradi va umumiy global muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi. Bunday sharoitda Yevropa, Oq uy kafolatlariga kamroq tayangan holda, o‘z mudofaasi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga, o‘zining harbiy tuzilmalarini rivojlantirishga, mintaqaviy sheriklik formatlarini yanada kengaytirishga majbur bo‘ladi.
Mazkur strategiya asosida jahon tartibotining ehtimoliy yangi modeli shakllanishi natijasida:
- AQSh asosiy e’tiborni o‘zi uchun strategik muhim bo‘lgan hududlarga qaratadi, iqtisodni mafkuradan ustun qo‘yadi, iqtisodiy diplomatiyaga uyg‘u beradi, rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ikkitomonlama munosabatlarda demokratlashtirish, liberallashtirish kabi talablarni qo‘ymaydi.
Shu bilan birga, Vashington “global rahbarlik“ maqomidan mahrum bo‘lishi, an’anaviy ravishda nufuzi doim kuchli bo‘lib kelgan hamkor davlatlarda uning ta’siri sezilarli kamayishi mumkin.
- Yevropa AQSh strategiyasida Rossiyani tiyib turish va Yevroatlantika xavfsizligini mustahkamlashning asosiy ustuni sifatida ko‘riladi. NATOning kengayishi, harbiy salohiyatini kuchaytirish va siyosiy birdamligini saqlash kuchlar muvozanatini ta’minlashda hal qiluvchi omil, deb baholanadi. Shuningdek, Yevropaning tashqi tahdidlarga nisbatan zaifligi oshishi barobarida YI dan chiqish talabi bilan chiqayotgan millatchi partiyalarning pozitsiyalari kuchayishi mumkin.
- Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilar (Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya) esa Xitoyga nisbatan uzoq muddatli strategik raqobatda muhim rol o‘ynaydi; bu yerda AQSh ikki tomonlama ittifoqlarni ko‘ptomonlama formatlar (QUAD, AUKUS) bilan uyg‘unlashtirishga intiladi.
- Yaqin Sharqdagi sheriklar bilan munosabatlar mintaqaviy barqarorlikni saqlash, terrorizmga qarshi kurash va energetika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, Lotin Amerikasi va Afrika davlatlari bilan hamkorlik asosan barqaror rivojlanish, migratsiya, transmilliy tahdidlar va raqib davlatlar ta’sirini cheklash bilan bog‘liq tarzda talqin qilinadi.
- Rossiya bilan munosabatlarda cheklangan va pragmatik yondashuv saqlab qolinadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvdan qochish, yadroviy xavfsizlik va strategik barqarorlik kabi masalalarda minimal muloqotni davom ettirish zarurligi ta’kidlanadi. Ya’ni AQSh Rossiyani uzoq muddatli global raqib emas, balki qisqa va o‘rta muddatli xavf tug‘diruvchi davlat sifatida ko‘rib, uni ittifoqlar orqali muvozanatlashtirish va ta’sir doirasini cheklashga intiladi.
Vashington Ukrainadagi urushni Moskvaga maksimal harbiy talafot yetkazish yo‘li bilan emas, balki o‘zining manfaatlariga to‘liq mos keladigan siyosiy kelishuvlar orqali to‘xtatilishini talab qilmoqda. Shu bilan birga urush harakatlari bilan bog‘liq barcha sarf-harajatlar Yevropa davlatlari zimmasiga yuklanmoqda.
Mazkur vaziyatda Rossiya Ukrainaga harbiy bosimni yanada kuchaytirishi barobarida urushni to‘xtatish bo‘yicha har qanday kelishuvlarni o‘z shartlarining bajarilishi bilan bog‘laydi.

- Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun ushbu strategiya yangi imkoniyatlar va ma’lum imtiyozlar yaratadi.
Xitoy, Rossiya, Eron va Janubiy Osiyo o‘rtasida joylashgan Markaziy Osiyo AQSh uchun birinchi navbatda strategik ahamiyatga ega mintaqadir. Vashington bu yerda hech qanday mintaqaviy kuchlarning ustunligini tan olmaydi va Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘p vektorli siyosatini qo‘llab quvvatlaydi.
O‘zbekiston Prezidentining Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmatalik” sammitiga tarixda birinchi marta mehmon sifatida taklif etilgani alohida ahamiyatga ega. Bu shunchaki diplomatik ishora emas, balki mamlakatning xalqaro maqomi sifat jihatidan o‘zgargani, Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch ortib borayotganidan dalolatdir.
O‘zbekistonning “Katta yigirmatalik”dagi ishtiroki investitsiyalarni jalb qilish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, mamlakatning global ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga integratsiyalashuvi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi. Kengroq ma’noda, bu jahon va mintaqaviy iqtisodiyot kelajagiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qarorlarni muhokama qilishda O‘zbekiston ovozini kuchaytiradi.
Shuningdek, Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya xavflari Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida razvedka ma’lumotlarini almashish, chegaralarni mustahkamlash, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida hamkorlikni yanada kuchaytiradi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, AQShning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy tashabbuslari markazida mamlakat sanoat mustaqilligini va energetika xavfsizligini ta’minlaydigan “Nodir metallar diplomatiyasi” turadi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik foydali qazilmalarga boy bo‘lgan mintaqa mamlakatlari uchun nodir metallarni aniqlash, ularni qazib olish hamda qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlar uchun mintaqa davlatlari bilan “O‘rta yo‘lak” (Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi) orqali savdo-sotiqni rivojlantirish bu nafaqat yirik transport loyihasi, balki savdo yo‘llarini va energiya ta’minotini diversifikatsiya qilish, Amerika standartlari, investitsiyalari va texnologiyalarini rag‘batlantirishda muhim strategik ta’sir o‘tkazish vositasidir.
Shu bilan birga, globallashuv jarayonlarining zaiflashuvi va mintaqaviylashuv jarayonlarining kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada samarali mintaqaviy siyosat olib borishni, hamda integratsiylashuv jarayonlarini tezlashtirishni taqozo etadi.
Abror Fatxullayev
bo‘lim boshlig‘i
*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.