MARKAZIY OSIYO INTEGRATSION JARAYONIDA SKANDINAVIYA MODELINING AHAMIYATI
Markaziy Osiyo davlatlari (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston) 1991-yilda mustaqillikka erishgandan soʻng, umumiy tarixiy, madaniy va iqtisodiy asoslarga ega boʻlgan mintaqa sifatida yangi siyosiy munosabatlar tizimini izlay boshladi. 1990-yillarda qator integratsion tuzilmalar tashkil etildi. Bularga Markaziy Osiyo davlatlari hamdoʻstligi (1993), Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotini (1994) kiritish mumkin. Keyinchalik bu tuzilmalarning ayrimlari faoliyati susaydi, ammo integratsiya gʻoyasi saqlanib qoldi.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda integratsiya yangi bosqichga koʻtarildi. 2018-yildan buyon davom etib kelayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari mintaqaviy dialogni institutsional darajaga olib chiqmoqda. Joriy yil 16-noyabr kuni Oʻzbekiston raisligida, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston Prezidentlari ishtirokida yettinchi Maslahat uchrashuvi oʻtkazilib, unda Ozarbayjon Respublikasini ushbu formatga toʻla huquqli ishtirokchi sifatida qoʻshilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Avvalambor, integratsion model deganda nimani tushunish kerak degan savol tugʻiladi. Buni toʻgʻri tushunish uchun aslida integratsiyaga oid quyidagi jihatlarni aniqlash kerak: integratsiya konsepsiyasi, modeli hamda dinamikasi.
Birinchidan, Konsepsiya – Nima? Kim? Qayerda? Nega? degan savollarga javob beradi. Boshqacha aytganda, integratsiya nima, uni kim amalga oshiradi, qaysi makonda, qaysi davr ichida va oʻzi integratsiya nima uchun kerak?
Ikkinchidan, Model – integratsiyaning mazmuni va shakli qanday boʻlishi kerak degan savolga javob beradi. Boshqacha aytganda, modelda integratsiyaning institutsional, huquqiy, iqtisodiy va siyosiy asoslari koʻrib chiqiladi.
Uchinchidan, Dinamika – integratsiyaning tezligi, bosqichlari, mexanizmlari va yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi masaladir.
Umuman olganda, integratsiyani dialektik jarayon deb tushunish kerak. Integratsiya turli bosqichlarda turlicha tus olishi mumkin. Unga tarixiy, jugʻrofiy, siyosiy, iqtisodiy, shaxs va xalq omillari bir vaqtning oʻzida taʼsir koʻrsatadi.
Jahon tajribasida turli integratsion modellar mavjud boʻlib ularning ayrimlari bir-biriga oʻxshash, ayrimlari oʻziga xos.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi integratsion jarayonlar qariyb 30 yildan oshiq vaqt davom etmoqda va albatta nisbatan yangi bu jarayonda davlatlar toʻgʻri yoʻl tanlashga intiladi. Ekspertlar, olimlar, siyosiy doiralar baʼzan Skandinaviya davlatlarining integratsion yoʻlini Markaziy Osiyo mintaqasiga tatbiq qilish imkoniyatlari toʻgʻrisida fikr bildiradilar.
Maʼlumot oʻrnida: Skandinaviya integratsion modeli — bu Shimoliy Yevropa davlatlari (asosan Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya va Islandiya) oʻrtasida shakllangan hamkorlik va integratsiya tizimi boʻlib, u siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda chuqur oʻzaro bogʻliqlikka asoslanadi. Ushbu model Yevropa integratsiyasi (masalan, Yevropa Ittifoqi)dan farqli ravishda, moslashuvchanlik, suverenitetni saqlash va amaliy hamkorlikka urgʻu beradi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng, Yevropada integratsion jarayon asta sekin avj ola boshlaydi. 1946-yilda Skandinaviya Qoʻmitasi tuziladi, uning maqsadi xalqaro darajada umum Nordik qarashini yaratish boʻlgan.
1947-yilda AQSHning Marshall Rejasi doirasida Daniya, Islandiya, Norvegiya va Shvetsiya Iqtisodiy Hamkorlik uchun Qoʻshma Nordik Qoʻmitasini tuzishga qaror qiladi.
1952-yilda Daniya, Norvegiya va Shvetsiya tomonidan Nordik Kengash tuziladi, unga keyinchalik Finlyandiya ham qoʻshiladi. Mazkur Kengashning negizida umumiy madaniy oʻzlik boʻlgan, deb taʼkidlanadi.
1959-yilda Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Britaniya, Avstriya, Daniya, Norvegiya, Portugaliya, Shvetsiya va Shveysariya (Finlyandiya keyinroq qoʻshiladi) Yevropa erkin savdo uyushmasi (keyingi oʻrinlarda – EFTA) tuziladi. Bu davrda Fransiya, Germaniya, Italiya, Belgiya, Niderdandiya va Lyuksemburg davlatlari Yevropa iqtisodiy hamjamiyati (keyingi oʻrinlarda - EEC) nomli oʻzining birlashmasini rivojlantirib kelayotgan edi. Shunday qilib, 1950-1960-yillarga kelib Yevropada ikkita yirik iqtisodiy birlashmalar paydo boʻldi. Keyinchalik EFTA va EEC birlashib ketadi.
Bugun biz bilgan Yevropa Ittifoqiga Skandinaviya davlatlaridan Daniya, Shvetsiya va Finlyandiya aʼzo, ammo Islandiya va Norvegiya aʼzo emas. Shunga qaramasdan, ikkala davlat ham Yevropa Iqtisodiy Makoni (European Economic Area – EEA) bilan hamkorlik shartnomalari orqali yaqin aloqalarga ega hamda ular Shengen shartnomasiga qoʻshilgan holda umumyevropa vizasiz zonasiga qoʻshilgan.
Skandinaviya yoʻlini tahlil qilarkanmiz, ular u yoki bu shaklda Yevropa Ittifoqi bilan uzviy bogʻliqdir hamda oʻzining mintaqaviy birligini yirikroq boʻlgan YeIning bir qismi sifatida koʻradi, deyishimiz mumkin.
Shu bilan birga, Skandinaviya modeli moslashuvchan boshqaruvga, YeI modeli esa markazlashgan qaror qabul qilish tizimiga tayanadi. Bu farq davlatlarning suverenitetga boʻlgan yondashuvini yaqqol koʻrsatadi.
Quyidagi jadvalda Skandinaviya va YeI integratsion modellarining oʻzaro farqli jihatlari tahlil qilinadi.

Markaziy Osiyo va Skandinaviya oʻrtasida, shubhasiz, oʻxshash tomonlar mavjud, ammo bu oʻxshashlikni mutloqlashtirmaslik barobarida integratsiya jarayonining qonunlariga tayangan holda tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, Markaziy Osiyo va Nordik mamlakatlarining umumiyligi ikki mintaqada yashovchi xalqlarning mintaqaviy oʻzligi mavjudligida koʻrinadi. Markaziy Osiyoliklar mushtarak tarix va madaniy oʻzlikka tayangan holda birlashmoqda. Shu tarzda Skandinaviya davlatlari ham oʻz tarixiy va madaniy oʻzligiga tayanadi.
Shu bilan birga Nordik mamlakatlari integratsion jarayondari aslida yirikroq Yevropa Ittifoqi voqeligi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib kelgan. Yaʼni Skandinaviya Yevropaning ajralmas qismi va uning soyasida rivojlanmoqda, deyishimiz mumkin. Bunday “soya” Markaziy Osiyo mintaqasida yoʻq.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyo ham yirik makonning, yaʼni Yevrosiyoning bir qismi deb taʼkidlash mumkin, lekin bu katta xato boʻladi. Har qanday birlashuv maʼlum bir gʻoya va mafkura asosida amalga oshirilishini inobatga olsak, Yevrosiyo gʻoyasi va mafkurasi, ayniqsa, uning Gʻarbga qarshi boʻlgan geosiyosiy maʼnosi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va xalqlari uchun mutlaqo yotdir.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari Skandinaviya davlatlaridan mintaqaviy totuvlik hamda oʻzlikni anglash borasida amalga oshirilgan ishlardan saboq olishi mumkin, biroq YeIning mintaqaviy integratsiya modeli bizga koʻproq mos keladi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, aslida Markaziy Osiyo mintaqasining dastlabki integratsion bosqichi aynan YeI modeli asosida shakllangan.
Skandinaviya mamlakatlari yoʻli yoki tajribasi biz uchun albatta qiziq va muhim, lekin shu bilan birga aynan ular bizga Yevropa Ittifoqi tomon yoʻl olgan davlatlar va Yevropa integratsiyasining ishtirokchisi sifatida foydali maslahatlar berishi mumkin. Qolaversa, YeIning 2019-yilda qabul qilgan Markaziy Osiyo strategiyasida YeI mintaqamizda integratsion jarayonni rivojlantirishga koʻmak berish va oʻz tajribasi bilan boʻlishishni bayon etgan. Demak, Markaziy Osiyoning integratsion yoʻlida biz koʻp jihatdan YeI modelini andoza qilib, Skandinaviyani Yevropaga qoʻshilish strategiyasini ham inobatga olsak maqsadga muvofiq boʻladi.
F.Tolipov
Siyosatshunos
*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.