Saudiya Arabistoni va Pokiston hamkorligi Yaqin Sharq geosiy landshaftiga o‘zgarishlar kiritmoqda
26-Sen, 2025
Matbuot Xizmati
1499 ko'rilgan

Saudiya Arabistoni va Pokiston hamkorligi Yaqin Sharq geosiy landshaftiga o‘zgarishlar kiritmoqda

Isroilning Qatarga uyushtirgan zarbalari va bunga javoban Doha shahrida bo‘lib o‘tgan arab va musulmon davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti ortidan Pokiston Bosh vaziri Shaxboz Sharif va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi hamda Bosh vaziri Muxammad bin Salmon joriy yil 17- sentyabrida Ar-Riyodda ikkitomonlama Strategik mudofaa shartnomasini imzoladilar.

Imzolangan shartnoma Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qariyb 80 yildan buyon davom etayotgan harbiy hamkorlik aloqalarining mantiqiy natijasi, ikki davlatning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan “o‘zaro sadoqati”ni ifoda etadi. Hujjatga ko‘ra, “agar har qanday davlat ikki davlatdan biriga tajovuz qilsa, bu ikkalasiga ham tajovuz hisoblanadi”.

Ta’kidlash joizki, islom dunyosidagi eng qudratli Qurolli kuchlarga ega davlatlardan biri sanalgan Pokiston bilan harbiy hamkorlikni kengaytirish Saudiya Arabistoni uchun katta amaliy ahamiyatga ega.

Rasman yadro quroliga ega bo‘lgan Pokistonning mudofaa budjeti $ 7 mlrd. ni tashkil qiladi. Mamlakat Qurolli kuchlari safida 919 ming kishi xizmat qiladi, tarkibida 281 ta samolyot va 2182 tank, 197 ta kema mavjud.

Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashgan paytlarda Pokiston o‘z harbiylarini bir necha bor Saudiya Arabistonining Tabuk va Sharqiy viloyatlarida joylashtirgan. Hozirgi paytda ham bu yerda 2 mingga yaqin pokistonlik maslahatchilar va harbiy mutaxassislar qo‘nim topgan. 1967-yildan beri 8 mingdan ortiq saudiyalik zobitlar Pokistonda harbiy tayyorgarlik o‘tagan. Saudiya Arabistoni 2021-yilda Pokistonga harbiy xarajatlar uchun $ 3 mlrd. kredit ajratgan.

Islom dunyosida katta nufuzga ega bo‘lgan ikki davlat o‘rtasida Strategik mudofaa shartnomasining imzolanishi ekspert va siyosatshunoslar tomonidan quyidagicha baholanmoqda:

1. Isroilning Qatarga uyushtirgan raketa zarbalari AQSHning B.Netanyaxu hukumatiga hayrixoxligi barobarida Yaqin Sharqdagi hech bir davlat kelajakda bunday hujumlardan kafolatlanmaganligini ko‘rsatdi. Bunday tajovuzlarni oldini olish maqsadida joriy yil 15-sentyabrida Dohada tashkil qilingan arab va musulmon davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti kutilgan natijalarni bermadi.

Voqealarning bunday rivoji natijasida Saudiya Arabistoni amaliy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi va o‘zining azaliy harbiy hamkori Pokiston bilan bir yil davomida tomonlar muhokamasida bo‘lgan mazkur shartnomani imzoladi.

2. Yaqin va O‘rta Sharqda muhim rol o‘ynovchi bu ikki subkontinental kuchlar o‘rtasida strategik mudofaa aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi mintaqadagi geosiyosiy muvozanatni o‘zgartiradi.

Garchi hujjatda Pokiston tomonidan yadro qurolini qo‘llanilishi mumkinligi to‘g‘risida modda bo‘lmasada, Saudiya rasmiylarining e’tirofiga ko‘ra, “Bu barcha harbiy vositalarni nazarda tutuvchi keng qamrovli mudofaa shartnomasidir”.

Aksariyat tahlilchilarning fikricha, mazkur shartnoma orqali Saudiya Arabistoni o‘zi uchun “yadro qalqoni”ni qo‘lga kiritdi. Vaqt o‘tishi bilan bu holat boshqa arab davlatlariga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

3. Yuzaga kelayotgan bunday vaziyat mintaqadagi kuchlar nisbatini o‘zgartirish barobarida de-fakto yadro quroliga ega bo‘lgan Isroilni navbatdagi tajovuzkorona harakatlardan tiyib turishi hamda shakllanayotgan yangi dunyo tartibotida islom dunyosi mavqeini kuchaytirishi kutilmoqda.

Isroil tomoni shu bugungacha mazkur kelishuv bo‘yicha o‘z fikrini bildirmadi. Jahon hamjamiyati tomonidan Falastin davlatini tan olish jarayoni tezlashganligi, G‘azo sektoridagi ommaviy qirg‘inni to‘xtatish bo‘yicha siyosiy bosim kuchayganligi barobarida Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy ittifoq B.Netanyaxu hukumatini jiddiy xavotirga solmoqda va qarshi choralar ko‘rishga undamoqda.

4. O‘z yadro dasturidan voz kechmagan Eron so‘ngi paytlarda arab mamlakatlari bilan adovatlarni chetga surib, Isroilni strategik mag‘lubiyatga uchratish maqsadida musulmon davlatlarini jipslashishga va barcha imkoniyatlarni birlashtirishga chaqirmoqda.

Bu jihatdan Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi harbiy kelishuv Tehronning manfaatlariga zid kelmaydi.

5. Ikki tomon ham bu shartnomani ishlab chiqish jarayonida Hindiston xavotirlarini tinchlantirishga harakat qildi. Jumladan, Islomobod Ar-Riyod bilan ittifoqchilik aloqalari Nyu-Dehliga qarshi qaratilmaganligini ta’kidlab kelmoqda. Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalari orqali Hindiston bilan ikkitomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga oid o‘zining yondashuvlarini e’lon qilib bormoqda.

Shuningdek, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zining joriy yil 18- sentyabridagi bayonotida mazkur shartnomaning milliy xavfsizlik, mintaqaviy va global barqarorlik uchun qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Xulosa o‘rnida, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tuzilgan mudofaa pakti arab-musulmon davlatlari orasida nafaqat harbiy-siyosiy hamkorlikni kuchaytirishi, balki mintaqadagi barqarorlikning kafolati sifatida xizmat qilishi mumkin.

 

 

A. Fatxullayev

Bo‘lim boshlig‘i

 

 

*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.