Yaqin Sharqdagi vaziyat nazoratdan chiqmoqda
18-Sen, 2025
Matbuot Xizmati
1692 ko'rilgan

Yaqin Sharqdagi vaziyat nazoratdan chiqmoqda

Joriy yil 9-sentyabrda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahrida HAMAS harakati yetakchilariga qarshi uyushtirilgan havo hujumi va uning oqibatlari siyosatchi va ekspert doiralar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Voqealar rivojida Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon al Taniy xalqaro hamjamiyatni “ikki xil standartdan voz kechib”, Isroilni jinoyatlari uchun jazolashga chaqirdi.

Jahonning yetakchi davlatlari, Islom dunyosi mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham Isroil tomonidan uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi.

Qatar tashabbusi bilan 15-sentyabr kuni Doha shahrida mazkur masalaga doir arab va musulmon davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti o‘tkazildi.

Sammit yakunlariga ko‘ra qabul qilingan bayonotda tadbir ishtirokchilari Qatar davlatiga hamdardlik bildirdilar, Isroilning harakatlarini “qo‘rqoqona tajovuz” va Qatar suvereniteti va xalqaro huquq normalarini qo‘pol ravishda buzilishi deb tarifladilar, jahon hamjamiyatini Isroil bilan diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdilar.

Sammit doirasida Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashining (Bahrayn, Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari) favqulodda uchrashuvi ham tashkil qilinib, uning ishtirokchilari Isroil hujumlariga qarshi kollektiv mudofaa mexanizmini ishga tushirish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Kengash a’zolari tez kunlarda Qo‘shma mudofaa kengashi va Oliy harbiy qo‘mita yig‘ilishini chaqirishga kelishdilar.

Masalani keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan tomoni shundaki, Isroilning mazkur tajovuzi Doha shahrida AQSH tazyiqi ostida Qatar vositachiligida HAMAS harakati rahbarlari bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan bir paytda sodir etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil bosh vaziri B.Netanyaxu Oq uyni rejalashtirilayotgan harbiy amaliyot to‘g‘risida oldindan ogohlantirgan. AQSH prezidenti D.Tramp o‘z ma’muriyatiga ushbu haqda Qatar rahbariyatini xabardor qilishni buyurgan. Biroq, Qatar Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, Vashingtondan xabar Dohaga havo xujumi boshlangan paytda yetib kelgan.

Mazkur mavzu yuzasidan jahon ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan ma’lumotlar asosida, siyosatshunoslar va ekspertlarning fikrlarini jamlagan holda quyidagi asosiy xulosalarga kelish mumkin:

1. Isroil tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyot Doha shahrida Qatar vositachiligida HAMAS harakati rahbarlari bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralarni izdan chiqardi, Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi.

Endilikda HAMAS yetakchilari hech qanday diplomatik vositalar ularni Isroil zarbalaridan saqlab qola olmasligiga ishonch hosil qildilar. Buning natijasida G‘azo sektorida ushlab turilgan garovga olingan isroilliklar qismati mavhumligicha qoldi. 

2. Isroil bundan avval Eron, Suriya, Livan, Yamanda amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar singari Dohada uyushtirilgan havo hujumini ham terroristik tashkilotga qarshi “o‘z-o‘zini mudofaa qilish” zarurati bilan bog‘ladi. Bosh vazir B.Netanyaxuning ta’kidlashicha, “Terroristlar qayerda bo‘lmasinlar, Isroil ularni yo‘q qilish huquqiga ega. Boshpana bergan davlatlar ularni chiqarib yuborishlari lozim yoki bo‘lmasa buning salbiy oqibatlari bilan to‘qnashadilar”.

Tahlilchilarning fikricha, Tramp ma’muriyati tomonidan qo‘llab quvvatlanayotgan Isroil hukumati tez orada HAMAS infratuzilmasini oxirigacha yakson qilish maqsadida G‘azoda yangi mislsiz qirg‘inni boshlaydi, garovda qolganlarning qismatini esa “terroristlarning kelishuvga moyil emasliklari” bilan bog‘laydi.

3. Isroilning navbatdagi tajovuzkorona harakatlari Yaqin Sharqda AQSHga bo‘lgan ishonchni keskin susaytirdi. Ko‘rfazning boy monarxiyalari Qatar misolida ulkan sarmoyalar, katta miqdorda qurol-yarog‘ xarid qilish ularni Isroil hujumlaridan saqlab qolmasligiga amin bo‘ldilar.

Bunday vaziyat musulmon davlatlari va Isroil o‘rtasida aloqalarni normallashtirish maqsadida Tramp ma’muriyati tomonidan ilgari surilayotgan “Ibrohim kelishuvlari”ni amalga oshirishda jiddiy qiyinchiliklar tug‘diradi.

4. Aksariyat siyosatshunoslarning fikriga ko‘ra, Dohadagi arab va musulmon davlatlari rahbarlarining favqulodda sammiti kutilgan natijalarni bermadi, Isroilga qarshi aniq siyosiy yoki iqtisodiy choralarni e’lon qilmadi, deklarativ ko‘rinishdagi bayonot bilan cheklandi.

Sammit natijasiga ko‘ra, Isroilga qarshi harbiy mintaqaviy koalitsiyaning shakllanish ehtimoli mavjud emas. Arab mamlakatlari oldinlari ham bir necha bor Isroilga qarshi NATO singari harbiy tuzilmani tashkil etishga uringanlar. Jumladan, 1950-yilda arab davlatlari Isroilga qarshi harbiy harakatlarni muvofiqlashtirish va Birlashgan Qurolli kuchlarni tashkil qilish maqsadida Arab davlatlari ligasi doirasida Kollektiv mudofaa va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolaganlar.

1964-yilda sobiq Misr prezidenti Kamol Abdul Nosir Isroilga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Birlashgan arab qo‘mondonligini tashkil qilish taklifi bilan chiqqan.

1967-yildagi “Olti kunlik urush”dagi mag‘lubiyatdan so‘ng Arab davlatlari ligasi shafe’ligida Birlashgan Qurolli kuchlarni tashkil qilish to‘g‘risidagi taklif yana kun tartibiga qo‘yilgan. Biroq bu tashabbuslarning birortasi ham amalga oshmagan. Buning asosiy sabablari: arab davlatlari o‘rtasida tarqoqlik, raqobat va bir-biriga ishonmaslik omillari mavjudligi, ularning turli kuch markazlari ta’sirida bo‘lganliklari deb aytish mumkin.

5. Isroil tomonidan Dohaga qilingan harbiy hujum vaqt o‘tishi bilan kun tartibidagi o‘z dolzarbligini yo‘qotadi, tomonlar o‘rtasida Yaqin Sharq masalasidagi muzokaralar qaytadan tiklanadi.

 

A.Fatxullayev – bo‘lim boshlig‘i

 

* Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.