Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston: hamkorlikning yangi davri
Hozirgi kunda Markaziy Osiyoning global siyosat va jahon iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini kuzatmoqdamiz. Xususan, Yevropa Ittifoqi (keying o‘rinlarda YI) 2025-yil 4-aprelda Samarqandda bo‘lib o‘tgan YI va Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi tarixdagi ilk sammitda mintaqa mamlakatlarini islohotlarni ilgari surish, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bu keng ko‘lamli modernizatsiya dasturini amalga oshirayotgan va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlayotgan O‘zbekiston manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Samarqand sammitida qabul qilingan deklaratsiya o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga zamin yaratdi. U bugungi kunda O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi yuqori darajadagi rasmiy tashriflar va yangi bitimlar tuzilishi davomida amaliy ifodasini topayotgan aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu, ayniqsa, 2025-yil 24-oktyabrda Bryusselda Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik (Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) to‘g‘risidagi bitimning imzolanishida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Hujjat 1996-yilgi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asoslangan O‘zbekiston - Yevropa hamkorligining huquqiy bazasini yangilaydi hamda sezilarli darajada kengaytiradi. Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.
Bitim 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat. U ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oladi hamda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishiga alohida e’tibor qaratgan holda barcha o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asosni shakllantiradi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda O‘zbekiston - Yevropa hamkorligining asosini savdo-sotiq va investitsiyalar tashkil qiladi va bu quyidagi misollarda ko‘rinadi:
1. 2021-yildan beri O‘zbekiston YI ning GSP+(Generalized System of Preferences Plus – Kengaytirilgan savdo preferensiyalar) tizimi ishtirokchisi. Bu mamlakatga 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotni Yevropa bozoriga bojsiz olib kirish imkonini beradi. Natijada 2023 yil yurtimizning Yevropa Ittifoqi hududiga eksporti 2020 yilga nisbatan 40 foiz oshdi.
2014-2020 yillar davomida YI ning O'zbekistonga moliyaviy yordami 168 million yevroni tashkil etdi, bu 2007-2013 yillar davriga nisbatan 124 foizga o'sishni ko‘rsatadi.
2. 2024 yilda O‘zbekistonning YI davlatlaridan olgan to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalari va kreditlari hajmi 4,1 mlrd dollarni tashkil etdi – bu 2023 yilga nisbatan 77 foizga ko‘p degani. Yevropalik tadbirkorlar qo‘shgan kapitallarning asosiy ulushi Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlarga to‘g‘ri keladi. Hozirda O‘zbekistonda 1000 dan ortiq Yevropa kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatib, umumiy investitsiya loyihalari portfeli 40 mlrd yevroga yetdi.
Davlat rahbarining Bryusselda Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvi natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 mlrd yevrodan ziyod bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo ko‘rsatkichlari (2024-yil yanvar-dekabr)


3. “Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalish. Mamlakatimiz qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilinmoqda.
Xususan, YI ning “Gateway” tashabbusi bilan O‘zbekistonda 500 MW quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu tashabbus mamlakatning 2030-yilgacha energiya balansida qayta tiklangan manbalar ulushini 25 foizga yetkazishda amaliy ahamiyat kasb etadi.
4. Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega. Tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim. Bu borada “Global Gateway” investitsiyalari muhim rol o‘ynaydi. Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o‘tgan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida 2025-yilda transport va logistika infratuzilmasi uchun 10 mlrd yevrolik xalqaro investitsiya paketi yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Bu mablag‘larning asosiy qismi Transkaspiy yo‘lagini yaxshilashga ketadi. YI O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa mintaqa davlatlari bilan birgalikda Transkaspiy temiryo‘li va dengiz tashuvlarini mustahkamlash ustida ishlamoqda.
Ikkitomonlama hamkorlikning yana bir e’tiborli jihati “Erasmus+” dasturi doirasida 2014-2024 yillar davomida 4.200 dan ziyod o'zbek talabalari, professor-o'qituvchilari Yevropa davlatlarida tahsil oldilar, malaka oshirdilar. 2023-yilda YI yordamida Toshkent davlat texnika universiteti va Yevropa universitetlari hamkorligida qoʻshma “Smart Energy” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Hududiy xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik O‘zbekiston va YI hamkorligida muhim yo‘nalishdir. Tashrif chog‘ida Yevropa yetakchilari Afg‘onistonning barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda, migratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirishda O‘zbekistonning rolini yuqori baholadilar.
Shu bilan birga YI o‘zining Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish dasturi (The Border Management Programme in Central Asia (BOMCA))orqali Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hududida amalga oshirilayotgan chegara boshqaruvi, migratsiya va savdo yo‘nalishlarida va boshqa xalqaro tashabbuslar orqali narkotiklar va qurol savdosiga qarshi kurashish, chegarani muhofaza qilishda hamkorlikni kengaytirmoqda.
Shubhasiz, davlatimiz rahbarining Bryusselga amalga oshirgan tashrifi yuqorida zikr etilgan yonalishlardagi ikkitomonlama hamkorlikni yanada faollashtiradi, O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va sivilizatsion bog‘liqlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu bilan birga, tashrif yakuniga koʻra yetakchi siyosatshunoslar tomonidan bildirilgan fikrlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan sharhlarni jamlagan holda, quyidagi huloslarga kelish mumkin.
Birinchidan, mazkur tashrif O‘zbekiston va YI o‘rtasidagi munosabatlar izchil va pragmatik asosda rivojlanib borayotganligini yana bir bor tasdiqladi.
Bryusselda o‘tkazilgan muzokaralar shuni ko‘rsatdiki, global miqyosda geosiyosiy keskinlik kuchaygan, xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan bir paytda, Yevropa o‘zining Markaziy Osiyodagi uzoq muddatli strategiyasida O‘zbekistonga kuchli hamkor sifatida qaraydi va unga tayanib ish tutadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Presidentining Belgiyaga safari joriy yil aprelida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi YI – Markaziy Osiyo sammitida erishilgan kelishuvlarni yanada mustahkamladi, ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirdi, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo'yicha yangi loyihalar uchun zamin yaratdi.
Uchinchidan, ikkitomonlama kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi natijasida O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga chuqur integratziyasi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati sohasidagi, barqaror energetika va iqlim siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlari qoʻllab-quvvatlandi.
To‘rtinchidan, bitim asosida YI ning moliyaviy, ilmiy va texnologik ko‘magi O‘zbekistondagi modernizatsiya jarayonini nafaqat tezlashtiradi, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan ochiqlik, qonun ustuvorligi, iqtisodiy erkinlik va “yashil rivojlanish” siyosatini Yevropa demokratik qadriyatlari va ilg‘or tajribasi bilan uyg‘unlashtiradi.
Diplomat University