C5+1 SAMMITI YAKUNLARI: AQSH MARKAZIY OSIYODA O‘Z MAVQEINI MUSTAHKAMLAMOQDA
Global miqyosda geosiyosiy keskinlik kuchaygan, xalqaro maydonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgani barobarida AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar intensiv ravishda rivojlanib, yangi mazmun kasb qilmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo tarqoqlik va “chekka hudud” holatidan chiqib, iqtisodiy o‘sish va sarmoyaviy faollik jihatidan jahonning eng muhim markazlari qatoriga kirayotganligi, mintaqaning xalqaro subyektliligi oshib borayotganligi Vashingtondagi siyosiy doiralar e’tiboridan chetda qolmayapti.
Rossiya va Xitoy bilan keskin raqobat sharoitida Qoʻshma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga xavfsizlik, iqtisodiyot va islohotlar sohalarida hamkorlikni taklif qilib, mintaqa aloqalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.
2020-yilda Tramp maʼmuriyati tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha AQSh strategiyasi e’lon qilinib, unda asosiy e’tibor iqtisod va mineral resurslarni qayta ishlash, infratuzilma va muqobil tranzit yo‘llariga qaratildi.
2025-yilda qayta hokimiyatga kelgan president Tramp mazkur strategiyani davom ettirib, Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQShga foyda keltiradigan iqtisodiy bitimlar tuzishga asosiy e’tiborni qaratmoqda.
AQSh prezidentining bugungi kunda Markaziy Osiyo yo‘nalishidagi siyosatida quyidagi muhim jihatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
1. “Nodir metallar diplomatiyasi”ga Markaziy Osiyo davlatlarini faol jalb qilish.
Hozirgi paytda AQSh ma’muriyati mamlakatning nodir metallar masalasida Xitoyga qaramligini kamaytirish maqsadida importni diversifikatsiya qilish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va bu masalada ittifoqchilar bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta ahamiyat bermoqda.
Ma’lumki, Markaziy Osiyoda noyob tabiiy boyliklarning katta zahiralari mavjud. Xususan, jahon marganets rudasi zahiralarining 38,6%, xromning 30,07%, qo‘rg‘oshinning 20%, ruxning 12,6%, titanning 8,7% shular jumlasidandir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning joriy yil 22-sentyabr kuni Nyu-York shahriga tashrifi chog‘ida AQShning “Traxys” shirkati bilan nodir yer metallari (volfram, molibden va mis) qazib olishni rivojlantirish sohasida $1 mlrd. dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi.
Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Vashingtonda AQSh va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Iyul oyida AQSh xuddi shunday kelishuvni Qozog‘iston bilan ham imzoladi. Unga ko‘ra, Amerika “Cove Capital LLC” shirkati Qo‘stanay viloyatidagi geologiya-qidiruv loyihasining ulushini sotib oldi.
2. Markaziy Osiyo davlatlari Vashington tomonidan AQShda yangi ish o‘rinlarini yaratishning muhim manbai, mahalliy mahsulotlarni sotish uchun katta bozor sifatida qabul qilinmoqda.
Joriy yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston AQSh bilan 14 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini xarid qilish bo‘yicha qiymati $ 8 mlrd. dollar, Qozog‘iston esa 300 ta yuk lokomotivini xarid qilish bo‘yicha qiymati $ 4 mlrd. dollar bo‘lgan shartnomalarni imzolashi bunga misol bo‘la oladi.
Shuningdek, Akfa Group turk kompaniyasi bilan hamkorlikda AQShning Kentukki shtatida qiymati $ 600 mln. dollarlik alyuminiy mahsulotlari, avtomobil butlovchi qismlari, quyosh batareyalari va derazalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi yirik ishlab chiqarish majmuasini qurishni boshladi.

3. Markaziy Osiyo davlatlari bilan “O‘rta yo‘lak ” (Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi) orqali savdo-sotiqni rivojlantirish.
Mazkur yo‘lakning asosiy qismi bo‘lishi kutilayotgan “Tramp yo‘lagi” (“Zangezur yo‘lagi”) ishga tushgach, AQSh Markaziy Osiyodan zarur bo‘lgan xom-ashyo resurslarini, shu jumladan, nodir metallarni ushbu yo‘l orqali olib chiqib ketish imkoniyatini berishi mumkin. Yo‘lak nafaqat Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki Yevropa bozorlariga samarali kirish yo‘lini izlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi muhim yo‘nalish taklif etadi. Mavjud Boku-Tbilisi-Qars yo‘nalishini qisqartirish orqali u tranzit vaqti va xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish, O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlardan keladigan tovarlarning raqobatbardoshligini oshirishni va’da qilmoqda. Ukrainadagi mojarolar tufayli savdo yo‘nalishlari Rossiyani aylanib o‘tayotgan davrda yangi aloqa yo‘li O‘rta koridorning o‘sib borayotgan ahamiyatini yanada oshiradi.
4. Markaziy Osiyodagi geosiyosiy manfaatlarini mustahkamlash.
Tramp ma’muriyati mintaqada Rossiya va Xitoy ta’sirining ortishiga qarshi muvozanat yaratishga intilmoqda. AQSh mintaqani Rossiya ta’sir doirasidan mustaqil bo‘lishini rag‘batlantiruvchi bufer zona sifatida ko‘radi.
Shuningdek, Yevrosiyo mintaqasidagi siyosiy muvozanatni saqlash, Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil, ko‘pvektorli tashqi siyosatga yo‘naltirilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSh uchun Markaziy Osiyo, ayniqsa Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar (O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston) mintaqaviy xavfsizlik tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.
Yuqoridagi omillar hamda Prezident Trampning xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va sa’y-harakatlari to‘lqinida Tramp ma’muriyati Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlarini Vashingtonda jamlagan holda C5+1 platformasini kun tartibiga chiqardi.
Ma’lumot o‘rnida: C5+1 formati 2015-yilda ilk bor tashkil etilgan bo‘lib, AQShning Markaziy Osiyon davlatlari bilan hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platforma hisoblanadi. Dastlab Tashqi ishlar vazirlari darajasida o‘tkazilgan uchrashuvning davlat rahbarlari darajasiga chiqishi katta ahamiyatga ega bo‘lib, 2023-yil 19-sentyabrda sammit birinchi marta davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.
C5+1 sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev quyidagi takliflarni ilgari surdi:
- ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan Kotibiyatni ta’sis etish;
- davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari o‘rtasida tizimli muloqotni ta’minlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish;
- “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamg‘armasini ishga tushirish;
- muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qo‘mitani tuzish;
- mintaqa qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish;
- gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida AQShning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazmalarni tashkil etish;
- C5+1 formatining navbatdagi sammitni Samarqand shahrida o‘tkazish.
Sammit shunchaki muloqotning navbatdagi raundi emas. Bu Qo‘shma Shtatlar tomonidan mintaqaviy konsolidatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek, yangi voqelikni - yanada jipslashgan va dunyoning yetakchi davlatlari uchun samarali hamkor bo‘la oladigan Yangi Markaziy Osiyoning paydo bo‘lishini e’tirof etishning bir ko‘rinishi bo‘ldi.
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 sammiti yakunlari haqida ma’lumotlarni, mutaxassislar fikrlari va baholarini jamlagan holda quyidagi xulosalarni bildirish mumkin:
Birinchidan, tenglik, ochiqlik va manfaatlar muvozanati tamoyillariga asoslangan oʻzaro taʼsirning yangi arxitekturasi asta-sekin shakllanmoqda. Markaziy Osiyo yirik oʻyinchilar oʻrtasidagi raqobat emas, balki hamkorlik makoni boʻlib qolishi kerak.
Ikkinchidan, AQShning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy tashabbuslari markazida mamlakat sanoat mustaqilligini va energetika xavfsizligini ta’minlaydigan “Nodir metallar diplomatiyasi” turadi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlik foydali qazilmalarga boy bo‘lgan mintaqa mamlakatlari uchun nodir metallarni qidirish, ularni qazib olish va qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Uchinchidan, Qo‘shma Shtatlar uchun “O‘rta yo‘lak” (“Tramp yo‘lagi”) ni rivojlantirish bu nafaqat yirik transport loyihasi, balki savdo yo‘llarini va energiya ta’minotini diversifikatsiya qilish, Amerika standartlari, investitsiyalari va texnologiyalarini rag‘batlantirishda muhim strategik ta’sir o‘tkazish vositasidir.
To‘rtinchidan, tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarda ijobiy o‘zgarishlar, savdo-sotiq va investitsiyaviy hamkorlikning faollashuvi AQSh tomonidan “Jekson-Venik tuzatmasi”da ko‘zda tutilgan savdo cheklovlarini Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan qo‘llanilishini bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.
Beshinchidan, “С5+1” formatida AQSH bilan hamkorlik boshqa “Markaziy Osiyo Plus” muloqot formatlari qatorida (jami 11) mintaqa davlatlari uchun turli kuch markazlari manfaatlarini muvozanatlashtirish, yagona sherikka qaramlikni minimallashtirish va diplomatik manevrlar doirasini kengaytirish imkonini beradi.
Abror Fatxullayev
Bo‘lim boshligʻi
*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.