Yaponiya Markaziy Osiyoda nimalarni ko‘zlamoqda?
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy kun tartibi murakkablashib bormoqda. Xitoy, Hindiston, Yevropa Ittifoqi qatorida Yaponiya ham mintaqaga oid o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda.

Rossiya, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasini birlashtirib turuvchi tuzilmalar
Yaponiya hukumatining mintaqaga qiziqishi birinchi navbatda siyosiy omillarga borib taqaladi deyish mumkin. Xalqaro munosabatlar subyekti sifatida Yaponiya o‘zining global rolini qayta tiklash barobarida Osiyo qit’asida boy berilgan imkoniyatlarni tiklashni reja qilgan. Qolaversa, Xitoyning Markaziy Osiyo ekpansiyasi Tokyoni sezilarli choralar ko‘rishga undayotgan omillardan sanaladi.
Joriy yilning 26-27 avgust kunlari Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifni amalga oshirdi. Tashrif Yaponiya tashqi ishlar vaziri sifatida so‘nggi uch yildagi birinchi tashrif ekani bilan ajralib turadi.

Prezident Sh.Mirziyoyev Yaponiya TIV Ivaya Takeshi bilan uchrashuvda
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining Strategik muloqoti birinchi yig‘ilishi tashkil etilib, qo‘shma kommyunike imzolandi. Matbuotga ma’lum qilinishicha, yapon delegatsiyasi O‘zbekistondagi muloqot davomida rasmiylar bilan Markaziy Osiyo - Yaponiya sammiti, viza va aviayo‘nalishlar, inson kapitaliga grant ajratish, xalqaro vaziyatga oid mavzularni muhokama qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqa bilan muloqotni jonlantirish, Markaziy Osiyo bilan yanada yaqinlashish, hamkorlarni tinglash barobarida Markaziy Osiyo - Yaponiya sammitini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish.
Ma’lumot o‘rnida:2024-yilda “Markaziy Osiyo - Yaponiya” muloqotining 20 yilligi munosabati bilan tomonlar Qozog‘istonda sammit o‘tkazishni rejalashtirgandi. Biroq tadbir arafasida Yaponiyada kuchli zilzila xavfi tufayli o‘sha paytdagi bosh vazir Kishida tashrifini bekor qilishga majbur bo‘lgan.
Markaziy Osiyo - Yaponiya formatning tashkil qilinishi 1997-yilda Yaponiya tomonidan ilgari surilgan “Ipak yo‘li diplomatiyasi” konsepsiyasiga borib taqaladi. Bugungi kunda ushbu platforma nisbatan barqaror va muntazam bo‘lib, keng ko‘lamdagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga asos yaratgan deyish mumkin.

Yevroosiyo diplomatiyasini shakllanishida muhim rol o‘ynagan R.Hashimoto, K.Obuchi, Y.Mori, B.Yeltsin, V.Putin
Aslida, Markaziy Osiyo - Yaponiya muloqoti nafaqat mintaqaviy, balki global muammolarni hal qilishga qaratilgan. Bu global isish va boshqa ekologik muammolarni hal qilish, shuningdek, Barqaror Taraqqiyot Maqsadlariga (BRM) erishishda hamkorlikka urg‘u beradigan zamonaviy Yaponiya diplomatiyasining ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.
20 yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilayotgan ko'plab siyosiy muloqotlar va gumanitar almashinuvlar, jumladan, shu kungacha 9 marta o'tkazilgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari Yaponiya va Markaziy Osiyoni bog'lovchi mustahkam bo'g'inga aylandi.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari, Yaponiyani mintaqa osoyishtaligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shayotgan muhim strategik hamkor deb biladi. Buni quyidagi asosiy omillar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, mintaqa davlatlari mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab, Yaponiya infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda IHRT, YeTTB, OTB, MOMIH kabi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan samarali hamkorlik qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘maklashdi;
Ikkinchidan, Tokioning mintaqaga nisbatan siyosati tenglik va o‘zaro hurmat, manfaatlarni o‘zaro hisobga olish tamoyillariga asoslanadi va hamkorlik uchun asossiz siyosiy shartlar qo‘yilmaydi;
Uchinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va rivojlanishning innovatsion yo‘liga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar inobatga olinsa, bugungi kunda dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi, deb tan olingan Yaponiyaning ilmiy-texnik salohiyati katta qiziqish uyg‘otmoqda.
2014, 2018 va 2021 yillarda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar Yaponiyaga nisbatan barqaror ijobiy munosabatni ko‘rsatgan. Biroq, Tokio bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanayotgani yo‘q. Geografik omil sabab iqtisodiy munosabatlarning sustligi, siyosiy va strategik yondashuvning shakllanish bosqichini uzaytirib yubordi.
Shunga qaramay, Yevroosiyo mintaqasi geosiyosiy landshaftidagi keskin o‘zgarishlar rasmiy Tokioni ta’sirchan choralar ko‘rishga undamoqda. Xususan, 2022-yildan beri Yaponiya tashqi siyosatining markaziy elementiga aylangan iqtisodiy xavfsizlik siyosati Markaziy Osiyo kartasini kun tartibiga chiqardi. Iqtisodiy xavfsizlikni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qonun Tokioni muhim minerallarning ishonchli manbalarini faolroq izlashga undamoqda.
Ta’kidlash kerak, muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik istiqbolli hisoblanadi. Markaziy Osiyoda marganets rudasi jahon zahiralarining 39%, xromning 31%, qo‘rg‘oshinning 20%, ruxning 13%, titanning 9% mavjud. Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik Yaponiyaga mineral resurslar manbalarini diversifikatsiya qilish va yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlarning oldini olish imkonini beradi. Ochiq manbalarga ko‘ra, faqat 2022 yilning o‘zida Yaponiya 628 million dollarlik noyob metallarini import qilgan.
Bundan tashqari, ta’lim va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish salohiyati ham jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Xususan, stipendiya dasturlari, yapon tilini o‘rganish va akademik almashinuvlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari uchun ikki tomonlama diplom dasturlarini kengaytirish va mutaxassislar tayyorlashda yangi imkoniyatlar ochmoqda. Toshkentda birinchi yapon universitetining tashkil etilishi uzoq muddatli hamkorlik va qo‘shma tashabbuslar uchun kadrlar tayyorlashga asos bo‘ladi.
So‘nggi o‘n yilda Markaziy Osiyo aholisi 20 foizga ko‘payib, 80 million kishiga yetganligi inson kapitalini rivojlantirish muhimligini yanada dolzarblashtirmoqda. Mintaqaning yosh aholisi (o‘rtacha 30 yoshgacha) ta’lim bozori uchun keng istiqbollar ochadi, bu esa yaponiyalik hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etishi mumkin.
Markaziy Osiyoda 50 dan ortiq xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini hamda mintaqa davlatlari yagona ta’lim makonini faol shakllantirayotgani tomonlar o‘rtasida hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yaponiya hukumati 2023-yil iyun oyida o‘zining Rivojlanishga rasmiy yordam (RRY) dasturi xartiyasini qayta ko‘rib chiqdi. Bu qayta ko‘rib chiqish rivojlanish sohasidagi hamkorlikni yanada samarali va strategik tarzda amalga oshirishga qaratilgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘tgan yetmish yil davomida Yaponiya, dunyodagi asosiy hamkorlardan biri sifatida, o‘zining yordam dasturlari orqali 190 ta mamlakat va hududni qamrab oldi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Rivojlanishga rasmiy yordam dasturini boshqarish uchun mas’ul bo‘lib, keng ko‘lamli hamkorlik dasturlarini amalga oshiradi. Bular qatoriga moliyaviy va investitsion hamkorlik, texnik hamkorlik, shuningdek, favqulodda yordam ko‘rsatish va ko‘ngillilarni jo‘natish kabi boshqa vazifalar kiradi.
So'nggi 20 yil ichida RRY doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida 720 million dollar qiymatli 162 ta milliy loyiha amalga oshirildi. Davlatlar kesimida Tojikiston 46% bilan asosiy foyda oluvchi boʻlsa, Qirgʻiziston 33%, Oʻzbekiston 18%, Qozogʻiston 2,5% va Turkmaniston 0,5%ni tashkil qilgan.
Yaponiya hukumati grant yordamlaridan tashqari, 2002 yildan 2020 yilgacha jami 3,5 milliard dollar miqdorida yen kreditlar ajratgan bo‘lib, shundan 91 foizi Toshkentga tegishli.

Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida Yaponiya, AQSh, Xitoy singari davlatlarning investitsiyalari miqdori
Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning quyidagi istiqbolli yo‘nalishlari mavjud:
Birinchidan, diniy ekstremizm va terrorizm tahdidlari tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bu xavfli hodisalarga qarshi kurashishning samarali yechimlarini birgalikda izlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
2024-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan birgalikda reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekspertlar Kengashi (MEK) tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Yaponiyaning MEK faoliyati doirasidagi loyiha va tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashi va amalga oshirishdagi ishtiroki, shubhasiz, mintaqa davlatlarining reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha sa’y-harakatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, keng ko‘lamli transport-kommunikatsiya tizimini shakllantirishdagi o‘zaro hamkorlikdir. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilga borib dunyoda yuk tashishga bo‘lgan talab 3 barobar ortadi. Bu tendensiya bugungi kunda jami jahon savdo hajmining 80 foizdan ortig‘i ular orqali amalga oshirilayotan Markaziy Osiyoning dengizga chiqish imkoniyati yo‘q mamlakatlari uchun katta muammo hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiyaning temir yo‘llarni va avtomobil yo‘llari qurish va modernizatsiya qilish masalalarida o‘zaro yaqin hamkorligi, shuningdek, bojxona punktlarini zamonaviy texnologiyalar bilan raqamlashtirish hamda Yevropa va Osiyo “tutashgan nuqtada” joylashgan Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini ochib beradigan logistika markazlarini yaratish alohida muhim ahamiyatga ega.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlaridan ko‘proq zarar ko‘radigan mintaqalar qatoriga kiradi. Xususan, Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, agar XXI asr oxiriga borib, hozirgi ko‘rsatkichlar saqlanib qolsa, dunyoda o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha 4 darajaga oshadi, Markaziy Osiyoda esa bu ko‘rsatkich 7 darajani tashkil qiladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2-4 darajaga oshishi bilan Markaziy Osiyoda tog‘ muzliklari hajmi 78 foizgacha kamayishi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, energiya samaradorligi sohasida Yaponiya texnologiyasining taqdim etilishi va suvni tejash mintaqaning yashil energiya barqarorligini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, Yaponiyaning tabiiy ofatlarni kuzatish uchun radar sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish va qattiq zilzilalarga chidamli qurilish standartlari ilovalarni ishlab chiqish tajribasi katta qiziqish uyg‘otadi.
To‘rtinchidan, Markaziy Osiyo demografik jihatdan dunyoning eng tez rivojlanayotgan mintaqalaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, yangi ish o‘rinlari yaratish katta qiziqish uyg‘otmoqda. JICA ko‘magida “bir qishloq, bir mahsulot” dasturini amalga oshirishni davom ettirish muhim masala. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida 2017-2022 yillarda Qirg‘izistonda 280 turdagi mahsulot o‘zlashtirildi va 3 mingta ish o‘rni yaratildi, 238 million dollarlik 167 ta eksport shartnomalari tuzildi.
Yaponiya mintaqada iqtisodiy-siyosiy munosabatlarni jadallashtirish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘lishiga qaramay, raqamlarda faoliyat natijasi ko‘rinayotgani yo‘q. Mintaqa davlatlarining Tokioga nisbatan ijobiy munosabati, siyosiy iroda hamda tobora institutsionallashib borayotgan geosiyosiy makon, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab berishi aniq.
Fikrimizcha, izchil islohotlar mintaqasiga aylangan Markaziy Osiyo zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida qaytadan kashf qilinmoqda. Yaponiya singari buyuk davlatlarning mintaqa taqdiridagi ishtiroki integratsion jarayonlarni rivojlantirish barobarida tashqi kuchlar muvozanatini saqlash, pragmatik tashqi siyosiy faoliyatga keng yo‘l ochib beradi.