YANGI MARKAZIY OSIYO: TARIXIY UYG‘ONISH DAVRI OSTONASIDA
27-Noy, 2025
Matbuot Xizmati
1565 ko'rilgan

YANGI MARKAZIY OSIYO: TARIXIY UYG‘ONISH DAVRI OSTONASIDA

Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining keng koʻlamda transformatsiyaga uchrashi, global iqtisodiyotni parchalashga qaratilgan xatarlar, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bilan bogʻliq muammolarning keskinlashib borayotgani sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari mintaqada barqaror rivojlanishni ta’minlash imkonini beruvchi samarali hamkorlik modelini shakllantirish yolidagi sa’y-harakatlarni davom ettirmoqdalar.

Xususan, chegara masalalari uzil-kesil hal etildi. 2025-yil mart oyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta toʻgʻrisidagi Shartnoma va Xoʻjand deklaratsiyasi imzolandi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo – bu barqaror o‘sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir. Mintaqa investitsiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda.

Hamjihatlik va umumiy taraqqiyot sari intilishning kuchayishi Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi maqomini mustahkamlash va global miqyosdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Joriy yil 16-noyabrda Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi VII-Maslahatlashuv uchrashuvi natijalari mintaqaviy birlashuv va oʻzaro bogʻliqlikni yanada mustahkamladi, hamkorlikning  institutsional asoslarini kengaytirish masalalasini kun tartibiga qo'ydi.  

Toshkent sammiti davomida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo'yicha qabul qilingan qarorlar orasida quyidagi jihatlar ajralib turadi:

1.    Siyosiy sohada

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari siyosiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaning xalqaro maydondagi rolini oshirishga qaratilgan Qo'shma bayonotni qabul qildilar. Ushbu hujjat orqali tomonlar Markaziy Osiyo mintaqasini global va mintaqaviy kuchlar oʻrtasida taʼsir doiralari uchun raqobat kuchaygan, jahon siyosatining muhim tarkibiy qismiga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqladilar.  

Ozarbayjonning mazkur formatga to‘la huquqli a’zosi bo'lishi   mintaqalararo hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichini ochib berdi, yirik infratuzilma, texnologik va energetika loyihalarini ishga tushirish, iqtisodiyotlarning bir-birini to‘ldirishini kuchaytirishga qodir bo‘lgan umumiy geosiyosiy makon shakllanishiga  turtki bo‘lmoqda. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqligi va barqarorlik kuchayishi barobarida, zamonaviy xalqaro munosabatlar kun tartibida mintaqa manfaatlarining aks etishiga zamin yaratildi.

Qirg‘iz Respublikasining 2027-2028-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zoligiga nomzodi yuzasidan BMTga a’zo davlatlarga birgalikda qilingan murojaat orqali tomonlar halqaro maydonda hamjihatlikda harakat qilishlarini, global masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosat olib borishga tayyor ekanliklarini jahon hamjamiyatiga yana bir bor namoyon qildilar.   

2.  Xavfsizlik sohasida

Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasining qabul qilinishi mintaqa siyosiy birlashuvining muhim tarkibiy qismi sifatida davlatlar oʻtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni   kengaytirdi, hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga jamoaviy javob berishning barqaror tizimi shakllantirish imkonini yaratdi.

Markaziy Osiyo xavfsizligiga xatarlarning katalogi va ularning oldini olish bo‘yicha 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan choralarning qabul qilinishi  mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga  ta’sir ko‘rsatuvchu asosiy xavf-xatarlarni tizimga soladi, ularni bartaraf qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish imkonini beradi.  

3. Iqtisodiy sohada

2024-yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetdi. Mintaqaga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi.

Ishlab chiqarish kooperatsiyasining yangi shakllarini yoʻlga qoʻyish — qoʻshma investitsiya fondlarini tashkil etish, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi sohalarida qator loyihalarni amalga oshirish natijasida mintaqa barqaror ravishda yiliga 6 foiz atrofidagi oʻsishni namoyish etmoqda.

Sammit davomida davlat rahbarlari mintaqa davlatlari o‘rtasida  o‘zaro savdoni  kengaytirish, “Made in Central Asia” brendini yaratish, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.  

“Markaziy Osiyo-2040” mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi asosida, yuqori qo‘shimcha qiymatli ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida mintaqa davlatlari iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklari va o‘zaro bir-birlarini to‘ldirishlaridan samarali foydalanish barobarida  sanoat kooperatsiyasini kengaytirish zarurati ta’kidlab o‘tildi.

Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik mavzusiga alohida e'tibor qaratildi. Yangi transport koridorlarining ishga tushishi Markaziy Osiyo davlatlari savdo aloqalarini rivojlantirishning asosiy omili ekanligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan O‘rta koridor va boshqa transport kommunikatsiyalari imkoniyatlarini kengaytirish mintaqada istiqbolli ko‘p variantli transport tarmog‘ining  shakllanishiga olib kelishi e’tirof qilndi.

Sammit davomida Prezident Sh.Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan quyidagi beshta strategik yo‘nalish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi:

I.      Maslahat uchrashuvini “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirish

-        formatni institutsional darajaga ko‘tarish;

-        maslahat uchrashuvlari to‘g‘risida nizom qabul qilish;

-        rotatsiya asosida ishlaydigan Kotibiyat tashkil etish;

-         milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlar maxsus vakillari darajasiga chiqarish;

-        yaxshi obro‘li jamoat arboblaridan Oqsoqollar kengashi tuzish.

 

II.      Savdo-iqtisodiy hamkorlikni 1,5–2 barobar oshirish

-        ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, bojxona va soliq tartiblarini soddalashtirish;

-        erkin iqtisodiy zonalardan birgalikda foydalanish;

-        2035-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy savdo-iqtisodiy dastur ishlab chiqish;

-        umumiy investitsiya makoni deklaratsiyasini qabul qilish;

-        elektron tijoratda yagona standartlar: virtual savdo maydonlari va raqamli to‘lov tizimlari uchun qo‘shma dastur.

 

III.   Mintaqaviy infratuzilma va transportni birgalikda rivojlantirish

-        elektr stansiyalari, avtomobil va temir yo‘llar, chegara o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish;

-        Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on koridori loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;

-        Transkaspiy yo‘laklari orqali Yevropa bilan bog‘liqlikni kuchaytirish;

-        Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashi tashkil etish.

 

IV.     Mintaqaviy xavfsizlikning yangi tizimi

-        “Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi”ni amalga kiritish;

-        Tahdidlar va xavflar umumiy katalogi asosida muvofiqlashgan siyosat yuritish;

-        Afg‘onistonni energetika, transport va infratuzilma loyhalariga integratsiya qilish;

-        “Farg‘ona tinchlik forumi”ni muntazam xalqaro anjumaniga aylantirish.

 

V.     Ekologiya, iqlim va suv xavfsizligi bo‘yicha yangi dasturlar

-        Markaziy Osiyoning “Yashil rivojlanish konsepsiyasi”ni qabul qilish;

-        2026–2036 yillarni “Suvdan oqilona foydalanish o‘n yilligi” deb e’lon qilish;

-        Afg‘onistonni Amudaryo havzasidagi suv resurslaridan birgalikda foydalanish muloqotiga jalb etish;

-        Toshkentda Suv xo‘jaligi kompetensiyalar markazini ochish;

-        2026-yilda O‘zbekistonda o‘tadigan Jahon suvni tejash forumida faol ishtirokka chorlash.

Umuman olganda, Maslahatlashuv uchrashuvi yakunlari, unda qabul qilingan qarorlarning Yevrosiyo geosiyosiy landshaftiga ta’siri, Markaziy Osiyo hamjamiyati shakllanishi istiqbollari to‘g‘risida siyosatshunoslar tomonidan bildirilayotgan fikrlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarni jamlagan holda,  muhokama etilayotgan masala  yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

Birinchidan, Markaziy Osiyo rahbarlarining Toshkent sammiti  mintaqani jahon siyosatidagi “chekka hudud”dan  shakllanib borayotgan ko‘p qutbli dunyoning muhim siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biriga aylanib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.  Mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirish - mavjud mexanizmlarni mustahkamlab, ularga barqaror tus va amaliy maʼno-mazmun bagʻishlash zarur. 

Ikkinchidan,  Maslahat uchrashuvini “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirish tashabbusining amalga oshirilshi mintaqada  institutsionallashtirilgan birlashmaning tashkil topishiga asos soladi.

Doimiy asosda ishlaydigan Kotibiyatlarning tashkil topishi qabul qilingan qaror va rejalarning bajarilishini ta’minlaydi, hukumatlararo va idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

Samarali mintaqaviy institutlarsiz hamkorlikni tizimli rivojlantirish va qabul qilinayotgan qoʻshma qarorlarni sifatli amalga oshirishni taʼminlab boʻlmaydi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda toʻlaqonli mintaqaviy integratsiyaga o‘tish uchun qator ishlarni tizimli  ravishda  amalga oshirish zarur.

Jumladan,

- birlashmaning siyosiy va institutsional asoslarini shakllantirish; 

- soliq va bojxona siyosatini uyg'unlashtirish;

- bojxona ittifoqiga bosqichma-bosqich o'tgan holda erkin savdo zonasini yaratish orqali real iqtisodiy integratsiyaga erishish;

- yagona Markaziy Osiyo jamiyatini tashkil etish.

Shuningdek, quyidagi masalalarga e’tibor qaratish lozim bo'ladi:

-     Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (1994-2001) va Markaziy Osiyo Hamkorlik Tashkiloti (2002-2005) misolidagi muvaffaqiyatsiz mintaqaviy integratsiyashuv saboqlaridan tegishli xulosalar chiqarish;

- integratsiya jarayonlarida biron bir davlatning ustunligiga yo‘l qo‘ymaslik;

Uchinchidan, Ozarbayjonning mazkur formatga a’zo bo‘lishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida yangi geosiyosiy mintaqaning vujudga kelishiga olib keldi.

Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarbayjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki, strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir.

Bu strategik birlashuv mintaqa chegaralarini yanada kengaytiradi, uning siyosiy va iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlaydi.  

Natijada mintaqa yalpi ichki mahsuloti taxminan 620 mlrd. dollarga, aholisi 95 mln. kishiga yaqin boʻlgan katta iqtisodiy blokga aylanadi, uning savdo, investitsion, infratuzilma loyihalari uchun jozibadorligi oshadi.

Shuningdek, Ozarbayjonning ushbu formatga qoʻshilishi mintaqaga qoʻshimcha energiya resurslarini (neft va gaz boʻyicha) beradi, uning Kaspiy dengizidagi strategik joylashuvi esa Markaziy Osiyoni Transkaspiy xalqaro transport koridori va “Zangezur yo‘lagi” orqali Turkiya va Yevropa bilan eng yaqin va maqbul transport-logistika arteriyalari bilan bog‘laydi.

Toʻrtinchidan, Markaziy Osiyo – Ozarbayjon ittifoqining vujudga kelishi AQSh tomonidan ilgari surilgan “Katta Markaziy Osiyo” konsepsiyasining qisman amalga oshishidir. 

Ma’lumot o‘rnida, mazkur konsepsiya S.Fridrix Starr tomonidan ilgari surilgan bo’lib, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Afgʻoniston va Janubiy Osiyoni oʻz ichiga olgan, savdo va logistika yo‘laklari, energetika, infratuzilma va siyosiy hamkorlik bilan o’zaro bog’langan keng geoiqtisodiy makonni yaratishdir. 

 

Abror Fatxullayev

boʻlim boshligʻi

 

*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.