Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro hamkorlikning samarali va taʼsirchan mexanizmiga aylanadimi?
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) 24 yil ichida muhim shakllanish yoʻlini bosib oʻtdi va zamonaviy xalqaro meʼmorchilikning muhim qismiga aylandi. Bugungi kunda ShHT Yevroosiyoning barqarorligi va rivojlanishiga hissa qoʻshayotgan obroʻli va nufuzli birlashmadir. Tashkilotga aʼzolik 6 tadan 26 ta ishtirokchiga (10 ta aʼzo davlat, 2 ta kuzatuvchi, 14 ta muloqot boʻyicha sherik) koʻpaydi va ShHTga boʻlgan qiziqish oʻsishda davom etmoqda. Xalqaro hamjamiyat Tashkilotni tinchlik va barqarorlikka qaratilgan saʼy-harakatlarni birlashtiruvchi kuch sifatida eʼtirof etadi.
ShHTga aʼzo davlatlarning YaIM hajmi jahon YaIMning qariyb 25 foizini (23 trln. doll.) tashkil etadi va 2030-yilga kelib 35-40 foizgacha oʻsishi prognoz qilinmoqda. Mintaqada dunyo aholisining 40 foizdan ortigʻi – 3,2 mlrd. kishi istiqomat qiladi. ShHT mamlakatlari dunyodagi neft zaxiralarining taxminan 22 foiziga (345 mlrd. barrel) va tabiiy gaz zaxiralarining 35 foiziga (90 trln. kubometr) ega.
Joriy yil 31-avgust - 1-sentyabr kunlari Xitoyning Tyanszin shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi XXV Sammiti 2025-yilning muhim siyosiy voqealaridan biri boʻlishi kutilmoqda.
Tashkilotchilar tomonidan “Qoʻshnichilik diplomatiyasi” (Neighbourhood diplomacy) deb nomlangan mazkur tadbirda 20 dan ortiq davlat rahbarlari, bosh vazirlari va 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, shu jumladan, BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish ishtirok etadilar.
Sammit kun tartibiga “Shanxay ruhi” tamoyillarini mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, ayrimachilikka qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlik, raqamli iqtisodiyot, axborot xavfsizligi, “yashil” taraqqiyot kabi masalalar qoʻyilgan.
Aksariyat siyosatshunoslar mazkur sammit jahonda geosiyosiy jarayonlar keskin tus olgan, xalqaro maydonda ishonch inqirozi kuchaygan, global xavfsizlik institutlari oʻz faoliyatida mislsiz muammolarga duch kelgan bir paytda oʻtkazilayotganligiga eʼtibor qaratmoqdalar.

Tashkilotning doimiy aʼzolaridan Rossiya, Eron, Pokiston va Hindiston bevosita harbiy toʻqnashuvlarga daxldor ekanligi Yevroosiyoda yuzaga kelgan qaltis geosiyosiy vaziyatni keltirib chiqarishi barobarida Tyanszin Sammitiga jahon hamjamiyatining eʼtiborini tortmoqda.
1. Asosiy eʼtibor Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ShHT sammiti doirasida Xitoyga toʻrt kunlik amaliy tashrifi va mamlakat rahbari Si Szinpin bilan uchrashuviga qaratilmoqda.
Shubhasiz, ikkitomonlama muzokaralarning markazida Rossiya va AQSH rahbarlarining joriy yil 15-avgustdagi Ankoridjdagi uchrashuvi yakunlari, Kremlning Ukrainada urushni toʻxtatish boʻyicha yangi takliflari va shartlari, Kiyev va Moskva oʻrtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvini taʼminlashda Xitoyning ishtiroki kabi masalalar turadi.
AQSH va Gʻarb davlatlarining Ukrainada urush harakatlarini toʻxtatish, ushbu mamlakat xavfsizligi kafolatlarini taʼminlash toʻgʻrisidagi talablariga javoban Rossiya Tashqi ishlar vaziri S.Lavrov tinchlik kelishuviga erishish uchun barcha tomonlarning manfaatlari eʼtiborga olinishi, xavfsizlik kafolatlari tenglik asosida amalga oshirilishi lozimligini taʼkidlash barobarida BMT Xavfsizlik kengashining boshqa aʼzolari qatori Xitoyni ham ushbu jarayonga jalb qilinishini taklif qildi.
Gʻarb davlatlari bosimi ostida yakkalanib qolgan Moskva uchun uning Ukraina masalasidagi yondashuvi Xitoy va ShHTning boshqa aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi strategik ahamiyatga ega.
Bu masalaga tashkilot doirasida yakdil qarash mavjud emasligi tufayli Rossiya tomoni Tyanszinda rejalashtirilayotgan muzokaralar davomida hamkorlarga Ukrainadagi urushga olib kelgan “asl sabablar” hanuzgacha bartaraf etilmagani, xavfsizlikning boʻlinmaslik prinsipi, hozir “kollektiv Gʻarb”ga bu masalada yon berilsa, ertaga bunday talablar SHHTga aʼzo boshqa dalatlar oldiga ham qoʻyilishi mumkinligini tushuntirishga harakat qiladi.
2. Tyanszin sammitining yana bir diqqatga sazovor tomoni – uning ishida 2019-yildan beri birinchi marta Hindiston bosh vaziri Narendra Modining ishtirok etishidir.
Taʼkidlash joizki, joriy yilning iyul oyida Pekin va Dehli oʻrtasidagi munosabatlar birmuncha yaxshilandi: ikkitomonlama aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi, diniy ziyoratlar tiklandi, iqtisodiy hamkorlik kuchaydi. Bu oʻrinda Ladakx chegara hududi boʻyicha erishilgan kelishuvni mutaxassislar ikkitomonlama chegara muammolarini xal etishdagi birinchi amaliy qadam sifatida baholamoqdalar.
Shu bilan birga, Hindiston ShHT doirasida terrorizmga qarshi kurash masalasida oʻzining alohida yondashuvini saqlab turibdi. Jumladan, joriy yil iyun oyida Xitoyning Chindao shahrida oʻtkazilgan ShHT davlatlari mudofaa vazirlari uchrashuvi Deklaratsiyasi, Kashmirning Paxalgam shahrida sodir etilgan terroristik hujum zikr etilmagani bois, Hindiston tomonidan imzolanmadi.
Hindiston Ukraina masalasida Gʻarb va Rossiya oʻrtasida muvozanatni saqlab turishga harakat qiladi, nizoni tinch, diplomatik yoʻllar bilan hal qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, Dehli Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qoʻshilmagan holda, Moskvani tajovuzkorlikda ayblovchi BMT rezolyutsiyalariga nisbatan betaraf pozitsiyada.
3. Joriy yil 9-avgustida AQSH vositachiligida “Zangezur yoʻlagi” boʻyicha kelishuvlarga erishgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikola Pashinyanning tashkilot sheriklari qatorida Tyanszin sammitida ishtiroki ham mutaxassislar orasida muhokamaga sabab boʻlmoqda.
“Zangezur yoʻlagi” Janubiy Kavkazda mintaqaviy integratsiyani taʼminlash, ShHTga aʼzo davlatlar transport va logistika sohasida hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi tashkilot doirasida “Sharq-Gʻarb” xalqaro magistral yoʻlida Xitoy rahnamoligi ostida yangi oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun asos boʻlmoqda.
Xususan, joriy yil 22-avgustida Avaza shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston - Turkmaniston - Ozarbayjon rahbarlari sammitida ham amaldagi va istiqbolli yoʻlaklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bogʻlaydigan barqaror va samarali transqitʼaviy yoʻnalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.
4. Xitoy Kommunistik partiyasining 20-syezdi oldidan oʻtkazilayotgan bu tadbir Pekinning tashqi siyosat sohasidagi muvaffaqiyatlarini namoyish qilishga, mamlakatning mintaqaviy va global geosiyosiy jarayonlarga taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan, desak boʻladi.
Umuman olganda, Xitoy mazkur sammitdan oʻzining siyosiy mavqeini yanada kuchaytirish, Gʻarbga qarshi koʻp qutbli yangi jahon tartibini shakllantirishda ShHT omilini faollashtirish uchun foydalanadi.
Yangi iqtisodiy tashabbuslar, shu jumladan, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot, transport sohasidagi yangi qoʻshma loyihalar Xitoyning qoʻshni davlatlar va sheriklar bilan munosabatlarini yanada mustahkamlaydi, mamlakatdagi barqaror oʻsishning davomdorligini taʼminlaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi ShHTning asoschi davlatlaridan biri boʻlib, Tashkilotning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Mamlakatimiz ShHTga 2003-2004, 2009-2010, 2015-2016 va 2021-2022-yillarda – jami toʻrt marta raislik qildi.
Soʻnggi 7 yil ichida mamlakatimiz rahbari xavfsizlik, sanoat va texnologik kooperatsiya, oʻzaro transport-logistika aloqasi, innovatsiyalar, raqamli hamda “yashil” rivojlanish, turizm, taʼlim va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 70 ga yaqin muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Oʻzbekiston Sharq–Gʻarb va Shimol–Janub yoʻnalishlarida inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish, dengiz portlari hamda tashqi bozorlarga chiqish uchun koʻp variantli transport yoʻlaklarini yaratish tarafdori boʻlgani holda transport va logistika rivojiga alohida ahamiyat qaratmoqda.
“Oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish va samarali transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha konsepsiyasi”ni amalga oshirish, “ShHT davlatlarining transport oʻzaro bogʻliqligining yagona xaritasi”ni ishlab chiqish, shuningdek, temir yoʻl yoʻlaklari loyihalarini ilgari surish (“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston”, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar”) transport-logistika oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashda muhim qadam boʻladi.
Xulosa qilib shuni taʼkidlash mumkinki, jahonda geosiyosiy beqarorlik kuchaygan bir paytda Tyanszindagi ShHT sammiti bu shunchaki rasmiy tadbir emas, balki mazkur tashkilotning kelgusi 10 yillikdagi faoliyatini belgilab beruvchi strategik forum hisoblanadi.
Sammit ishining natijadorligi, uning doirasida rejalashtirilayotgan uchrashuvlar davomida ichki ixtiloflar bartaraf etilishi, jahon siyosatining muhim masalalari boʻyicha tashkilot aʼzolari va sheriklari oʻrtasida konsensusga erishilishi ShHT xalqaro hamkorlikning samarali va taʼsirchan mexanizmi sifatida faoliyat koʻrsatishga qanchalik qodir ekanligini koʻrsatadi.