“Tolibon” va Pokiston o‘rtasidagi sulh shartnomasining mohiyati nimada?
Afg‘oniston va Pokiston chegara hududlarida bir hafta mobaynida davom etgan qurolli to‘qnashuvlar joriy yil 19-oktyabr kuni Doha shahrida Qatar va Turkiya vositachiligida tomonlar o‘rtasida sulh shartnomasi imzolanishi bilan vaqtincha xotima topdi.
Ikki tomon o‘rtasidagi navbatdagi harbiy nizoni boshlanishiga Pokiston tomonidan joriy yil 9-oktyabrda Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrining bir qancha hududlari hamda mamlakatning Paktika viloyatiga uyushtirgan havo zarbalari sabab bo‘ldi.
Javob tariqasida “Tolibon” harbiy tuzilmalari joriy yil 11-oktyabrda Afg‘oniston-Pokiston chegarasida joylashgan Pokiston chegara postlariga harbiy hujumlar uyushtirdilar. Janglar Afg‘onistonning Kunar, Nangarxor, Paktiya, Xost, Paktika, Xelmand va Qandahor viloyatlari chegaralarida kuzatildi. “Tolibon” qo‘shinlari Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati Angur-Adda, Badjaur, Kurram, Dir, Chitral shaharlarida joylashgan harbiy obyektlarini ham o‘qqa tutdilar. Shu kuni “Tolibon” aviatsiyasi Pokistonning Lahor shahriga havo hujumi uyushtirdi.

Ma’lumot uchun:Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi umumiy chegara 2430-km.ni tashkil qiladi. Afg‘oniston o‘zining shimoli-sharqiy qismidan o‘tuvchi Vaxon yo‘lagi nihoyasida bahsli Ozod Kashmir hududi bilan 76 km. masofada umumiy chegaraga ega.
Pokiston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, janglar natijasida mamlakat armiyasining 23 nafar xodimi halok bo‘ldi, 29 nafari yaralandi. Afg‘on tomonida 200 dan ortiq qurbonlar bo‘lgan. Pokiston kuchlari barcha hujumlarni qaytargan va 21 ta chegara postlarida nazoratni tiklagan.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihullo Mujohidga ko‘ra, janglarda 58 Pokiston harbiylari halok bo‘lgan, 30 ga yaqini yaralangan. “Tolibon” aksariyat chegara postlarini o‘z nazoratida saqlab turibdi.
Islomobod uzoq vaqtdan beri “Tolibon”ni Pokiston hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan “Texrike Tolibon Pokiston” (TTP) ga boshpana berganlikda ayblab keladi. 2021-yildan beri mazkur harakat jangarilari Pokiston hududida yuzlab xavfsizlik kuchlarini o‘ldirgan.
So‘nggi oylarda mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida maxalliy toliblaring hujumlari ko‘payganligi ikki tomonlama munosabatlarni yanada keskinlashtirdi. Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif Qobuldagi havo hujumidan bir kun avval “Pokistonning sabri tugaganligini, mamlakat o‘zini himoya qilish, jumladan, Afg‘oniston hududida zarur choralarni ko‘rish huquqiga ega ekanligini” ma’lum qildi.
Pokiston hukumati “Tolibon” tomonidan amalga oshiriladigan har qanday tajovuzkorona harakatlar qat’iy ravishda bostirilishini ta’kidlab kelmoqda.
Afg‘oniston tomoni Pokistonning terroristlarga boshpana berganlik to‘g‘risidagi iddaolarini rad etib keladi.
“Tolibon” mudofaa vazirligi Qobulda va Paktika viloyatida amalga oshirilgan havo zarbalarni Pokiston tomonidan Afg‘oniston suverenitetining buzilishi deb talqin qildi. 11-oktyabr tunda o‘tkazilgan harbiy hujumlar esa Pokistonning “takroriy qoidabuzarliklariga” qarshi “muvaffaqiyatli javob harakati” deb ataldi.
Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Pokiston “ichki muammolari uchun mas’uliyatni Afg‘oniston zimmasiga yuklamasligi kerak”ligi va muammolarni kuch bilan emas, balki muloqot orqali hal qilishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Afg‘oniston va Pokiston munosabatlarida yuzaga kelgan navbatdagi keskinlik tomonlar o‘rtasida azaldan mavjud bo‘lgan quyidagi ziddiyatli muammolarning davomi sanaladi:
1. “Dyurand chizig‘i” atrofidagi bahslar
“Tolibon” hukumati tarixdagi boshqa afg‘on hukumatlari qatori, Buyuk Britaniya tomonidan 1893-yilda o‘sha paytda Hindiston va Afg‘oniston o‘rtasida chegara sifatida o‘rnatilgan “Dyurand chizig‘i”ni tan olmaydi.
Ma’lumki mazkur chiziq pushtun qabilalari yashaydigan hududlarni kesib o‘tadi va bu xalqni ikkiga bo‘ladi. Asosan pushtunlardan tarkib topgan “Tolibon” bu chiziqni o‘z ta’sirini cheklash va bir butun xalqni sun’iy bo‘lish vositasi deb biladi.
O‘z navbatida Pokiston uchun “Dyurand chizig‘i” mamlakat hududiy yaxlitligi, suvereniteti va xavfsizligini ta’minlovchi muhim omildir. Islomobod mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida yashovchi 44 mln.ga yaqin pushtunlar orasida millatchi va ayrimachi kuchlarning faollashuvidan doimo xavotirda bo‘lib keladi va Afg‘oniston bilan chegaralardagi “status-kvo”ni saqlab qolishga harakat qiladi.

Dyurand chizig‘i
2. Chegara hududlarida radikal tashkilotlar faoliyati
Pokiston ijtimoiy siyosiy hayotini islomlashtirish talabi bilan chiqayotgan partiyalar orasida o‘zining shafqatsiz harakatlari bilan ajralib turadigan TTP mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida, xususan Xayber-Paxtunxva viloyatida kuchli mavqega ega. Mazkur tashkilot jangarilari tog‘li hududlar orqali chegaralarni bemalol kesib o‘tadilar, Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlik ko‘radilar va Pokistonga qaytib kelib, terroristik hujumlarni amalga oshiradilar.
2024-yil 13-iyulda e’lon qilingan BMTning yangi hisobotiga ko‘ra, “TTP “Tolibon”ning moliyaviy, harbiy hamda texnik ko‘magi bilan Afg‘onistonda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda va u yerdan turib, Pokistonda terroristik amaliyotlarni tashkil qilmoqda. Afg‘oniston hududida 6000–6500 ga yaqin TTP jangarilari mavjud. “Tolibon” Bosh razvedka boshqarmasi Qobulda TTP rahbarlari uchun uchta yangi mehmonxona qurib bergan, ularga harakatlanishni osonlashtirish va hibsga olinmaslikni ta’minlash uchun ruxsatnomalar bergan”.
3. Qochqinlar masalasi
2024-yildan boshlab Pokiston hukumati, “Tolibon” rahbariyatining e’tirozlariga qaramay, mamlakatdagi afg‘on qochqinlarini vatanlariga majburan chiqarib yubormoqda. Natijada 2025-yilning kuziga kelib, jami 2,1 mln. qochqin Afg‘onistonga deportatsiya qilindi va mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Pokiston hududida hozirgi kunda yana 2 mln.ga yaqin afg‘on qochqinlari mavjud.

4. Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzish
Pokiston “Tolibon” rahbariyatini barcha etnik va siyosiy guruhlardan tarkib topgan inklyuziv hukumat tuzishga da’vat qilmoqa. Biroq “Tolibon” bu chaqiriqni rad etgan holda, “yagona musulmon ummati har qanday milliy yoki etnik tafovutlardan ustunligi” g‘oyasiga asoslangan siyosatini davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, ba’zi siyosatshunoslar Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida yuzaga kelgan navbatdagi keskinlik “Tolibon” va Hindiston o‘rtasidagi aloqalar normallashib borayotgan davrga to‘g‘ri kelganligiga ishora qilmoqdalar.
“Tolibon” hukumati Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiyning Nyu-Dehliga tashrifi aynan Qobulga havo hujumi uyushtirilgan 9-oktyabr kuniga to‘g‘ri keldi. Safar chog‘ida tomonlar bahsli Kashmir hududi Hindistonga tegishli ekanini e’tirof qiluvchi qo‘shma bayonotni qabul qildilar. Tez orada Qobulda Hindiston elchixonasi o‘z faoliyatini qayta tiklashi ma’lum bo‘ldi.
Albatta voqealarning bunday rivoji Pokiston hukmron doiralari o‘rtasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otmoqda hamda Islomobodni o‘z “shogirdlari”ga qarshi javob choralarini qo‘llashga majbur qilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan “Tolibon” va Pokiston o‘rtasidagi mavjud ziddiyatli muammolar hal qilinmagan taqdirda, bu qarama-qarshilik oxir-oqibatda mintaqada katta urushni keltirib chiqarishi mumkinligi e’tirof qilinmoqda.
Umuman olganda, Qobul va Islomobod o‘rtasida mavjud muammolar, kompleks yondashuv asosida, quyidagi omillarga tayangan holda o‘z yechimini topishi mumkin.
Birinchidan, dolzarb masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish imkonini beradigan ikki tomonlama to‘laqonli diplomatik aloqalarning tiklanishi kun tartibida turgan muhim vazifalardan biridir.
Pokiston 2021-yil avgust oyida hukumatga kelgan “Tolibon” harakatini rasman tan olmagan bo‘lsada, Afg‘oniston bilan diplomatik aloqalarni uzmagan. Joriy yil may oyida Islomobod o‘zaro Elchilarni tayinlash orqali ikkitomonlama diplomatik aloqalarni kuchaytirish taklifi bilan chiqdi.
Ikkinchidan, terrorizmga qarshi kurash masalasida hamjihatlikka erishmasdan, ikkitomonlama munosabatlarni normallashtirish mumkin emas.
Pokiston hududiy yaxlitligi va xavfsizligi uchun jiddiy xavf-xatar hisoblangan “Texrike Tolibon Pokiston” Afg‘onistondagi “Tolibon” uchun mafkuraviy hamkor va quroldosh. Tashqi bosimsiz afg‘on toliblari o‘z mamlakatlari hududida mazkur tashkilot faoliyatini hech qachon cheklamaydilar va unga qarshilik ko‘rsatmaydilar.
Bunday sharoitda Pokiston bu masalada “Tolibon” ga zarur bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy (savdo, tranzit, viza cheklovlari) tazyiqni o‘tkazishi, mazkur jarayonga Xitoy, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini jalb qilishi lozim bo‘ladi.
Uchinchidan, o‘z-o‘zidan ma’lumki, “Dyurand chizig‘i” atrofidagi bahslar hal bo‘lmaguncha, ikki mamlakat o‘rtasida barqaror tinchlik o‘rnatilmaydi.
Mutaxassislarning fikricha, yaqin kelajakda “Dyurand chizig‘i”ni to‘la tan olinishi imkoniyati mavjud emas. Shu bilan birga mazkur chiziqni de-yure tan olmasdan, chegara hududlarida nazorat, xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlaydigan ikkitomonlama chegaraviy hamkorlik bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishish imkoniyatlari saqlanib kelmoqda. Buning natijasida chegara o‘tish punktlarida qo‘shma nazorat o‘rnatiladi, chegara oldi savdo rivojlanadi, mahalliy pushtun qabilalariga insonparvarlik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.
To‘rtinchidan, har ikki tomon ham afg‘on qochqinlari masalasi hal bo‘lishidan manfaatdordirlar.
Xalqaro kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, Pokiston va “Tolibon” afg‘on qochqinlarini vataniga qaytarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mexanizmini ishlab chiqishlari zarur. Bunda shaxsi noaniq qochqinlar hujjatlashtiriladi, ularning chegara punktlaridan o‘tishlari, Afg‘onistonda xavfsiz hududlarda joylashtirilishi muvofiqlashtiriladi, bu toifadagi shaxslarga BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligi va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan insonparvarlik yordami ko‘rsatiladi.
Beshinchidan, ikkitomonlama munosabatlarning yaxshilanishida, yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni hal qilishda Xitoy faol vositachi vazifasini bajarishi mumkin.
Bunday faollik quyidagi omillar bilan asoslanadi:
- Pokiston bilan hamkorlik, “Tolibon” bilan aloqalarni mustahkamlash orqali Xitoy o‘zining g‘arbiy chegaralarida terroristik tahdidlarni nazorat qiladi;
- Mintaqadagi barqarorlik Xitoyning “Bir makon - bir yo‘l” tashabbusi doirasida Pokiston va qisman Afg‘oniston hududidagi infratuzilmaviy loyihalarni muvafaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Jumladan, mamlakatning g‘arbiy xududlarini Pokistonning Gvadar porti bilan birlashtiruvchi “Xitoy-Pokiston Iqtisodiy yo‘lagi” (CPEC) loyihasining qurilishi Pekin uchun katta geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyatga egadir;
- Xitoy qo‘lida bo‘lgan iqtisodiy dastaklar orqali har ikki tomonga hamkorlik qilish va urush holatida bo‘lmaslik uchun ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega;
- “Tolibon” va Pokiston o‘rtasidagi vositachilik Xitoyning mintaqaviy va global geosiyosiy jarayonlarga ta’sirini yanada kuchaytiradi.
A.Fatxullayev
Bo‘lim boshlig‘i
*Materialda keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, ular Diplomat Universityning qarashlarini aks ettirmaydi.