“Tramp yoʻlagi” ning Janubiy Kavkaz mintaqasidagi kuchlar muvozanatiga taʼsiri
19-Avg, 2025
Matbuot Xizmati
1569 ko'rilgan

“Tramp yoʻlagi” ning Janubiy Kavkaz mintaqasidagi kuchlar muvozanatiga taʼsiri

Joriy yil 8-avgustida Vashingtonda AQSH, Ozarbayjon, Armaniston rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning Yevroosiyo mintaqasidagi kuchlar geosiyosiy muvozanatiga taʼsiri siyosatshunos doiralar orasida keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Shubhasiz, kelishuvga binoan Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasida tinchlik bitimini imzolash ishlarining davom ettirilishi (Oq uyda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari ushbu hujjatning bugungi kundagi loyihasini tasdiqladilar va uning har bir varagʻiga imzo chekdilar), mintaqaviy transport yoʻlaklari va kommuniksiyalar faoliyati tiklanishi ikki tomon oʻrtasida Togʻli Qorabogʻ masalasida 1988-yil fevral oyidan beri davom etib kelgan xarbiy nizolarga xotima yasashi barobarida Kavkazda iqtisodiy oʻsish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytiradi.

Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi tinchlik bitimining muhim bandlaridan biri Armanistonning Syunik viloyatidan oʻtuvchi Ozarbayjonning eksklav hududi Naxichevan bilan bogʻlovchi 43 km. uzunlikdagi transport yoʻlagining qurilishidir. Avvaliga Turkiya va Ozarbayjon tomonidan “Zangezur yoʻlagi” deb rejalashtirilgan mazkur loyihaga Armaniston tomoni taklifiga koʻra, “Tramp xalqaro tinchlik va farovonlik yoʻli” (Trump route for international peace and prosperity — TRIPP), yoki qisqacha “Tramp yoʻlagi” nomi berildi.

Qayd etilishicha, AQSH loyiha doirasida oʻzining xususiy shirkatlari orqali mazkur yoʻlakni rivojlantiradi, temir va avtomobil yoʻllarini, neft quvurlarini, elektr uzatish hamda optik-tolali liniyalarini quradi. Xavfsizligi xususiy harbiy shirkatlar tomonidan taʼminlanadigan “Tramp yoʻlagi” faoliyati 99 yil mobaynida Arman-Amerika konsorsiumi tomonidan boshqariladi. Bunda Armaniston yoʻlak ustidan oʻz suvereniteti va yurisdiksiyasini saqlab qoladi.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, yiliga 100 mlrd.doll. sof foyda keltiradigan “Tramp yoʻlagi” global strategik ahamiyatga ega loyihadir. Geografik joylashuvi tufayli mazkur yoʻlak “Oʻrta koridor” (Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishi) loyihasining asosiy qismiga aylanadi va Yevropani Xitoy bilan Markaziy Osiyo va Turkiya orqali eng yaqin va maqbul transport arteriyalari bilan bogʻlaydi.

Shu bilan birga loyihaning uzoq muddatdagi istiqbolda muvafaqiyatli amalga oshirilishi mintaqada kuchlar muvozanatini tubdan oʻzgartiradi va yangi geosiyosiy konfiguratsiyani shakllantiradi.

AQSH, va shaxsan prezident D.Tramp uchun mazkur loyiha nafaqat “tinchlik uchun kurashchi” maqomini mustahkamlash, balki bir vaqtning oʻzida bir nechta strategik yoʻnalishlarda oʻyin olib borish uchun qulay vositadir. Shu zayldagi geosiyosiy yurishlar orqali Vashington mintaqada oʻz raqiblari – Rossiya va Eronni zaiflashtirish barobarida Yevroosiyo logistikasini oʻz nazorati ostiga oladi.

“Tramp yoʻlagi” loyihasining asosiy benefitsiari Ozarbayjon Turkiya bilan strategik birlashuvni qoʻlga kiritadi, Kavkazdagi tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamlaydi, oʻzining iqtisodiy imkoniyatlari va geosiyosiy mavqeini yanada kuchaytiradi. 

Yana bir benefitsiar Turkiya mazkur loyiha orqali Kaspiy va Markaziy Osiyoga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. “Shimol-Janub” Rossiya-Eron xalqaro transport yoʻlagiga raqobatchi Turkiya-Ozarbayjon-Markaziy Osiyo transport yoʻlagi katta miqdordagi yuklarni va investitsiyalarni oʻziga tortib oladi. Siyosiy jihatdan Turkiyaning turkiy dunyodagi nufuzi yanada ortadi. Anqara “Tramp yoʻlagi”dan oʻzining strategik maqsadi - Bosfordan tortib Oltoygacha turkiy dunyoni birlashtirish uchun foydalanishi mumkin.  

Eron uchun “Tramp yoʻlagi” loyihasining amalga oshishi mamlakatning tranzit jozibadorligini keskin kamaytiradi. Natijada, Janubiy Kavkaz orqali yuklarni tashishda Tehronning nazorati susayadi, bunga mutanosib ravishda transport, xizmat koʻrsatish (logistika, yoqilgʻi, servis) kabi sohalardan tushimlar sezilarli qisqaradi.

Maʼlumot uchun: 2024 y. “Shimol-Janub” Rossiya-Eron xalqaro transport yoʻlagi orqali yuk tashish 19% ga oʻsdi va 26,9 mln.tn. tashkil etdi.

Eron xukmron doiralari mintaqada kechayotgan siyosiy jarayonlarda  mamlakatning taʼsiri kuchi yoʻqolishidan, transport yoʻlagi bahonasida AQSH mintaqada doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi harbiy obyektlar – harbiy omborlar, razvedka markazlari, aloqa infratuzilmalarini joylashtirishidan jiddiy havotirda. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusiga yaqin manbalarga koʻra, mazkur yoʻlak tez orada Eron shimolida “NATO ning manfaatlar hududiga” aylanishi mumkin. 

 “Tramp yoʻlagi”ning qurilishi natijasida Rossiya Janubiy Kavkaz va bu yerdan oʻtadigan transport oqimlari ustidan oʻz nazoratini yoʻqotib boradi. Xafsizlik masalasida tahdidlar kuchayishi barobarida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi integratsion jarayonlar zarar koʻrishi mumkin.  

Geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaatlar toʻqnashuvi natijasida Moskvaning Boku bilan aloqalari yanada taranglashib boradi. Neft quvurlari ishga tushgan taqdirda, Ozarbayjon uglevodorodlari Rossiya energiya resurslariga muqobil ravishda Yevropa Ittifoqiga oqib boradi.

AQSHning loyihaga qoʻshilishi Xitoy uchun maʼlum tahdidlarni yuzaga keltirsada, “Bir makon - bir yoʻl” tashabbusi doirasida Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishining toʻlaqonli faoliyatidan manfaatdorlik Pekinni bu masalada murosa yoʻlini tutishga majbur qiladi.

Aksariyat tahlilchilarning fikriga koʻra, loyihaning muvafaqiyatli amalga oshishi Armanistondagi ichki vaziyatning rivoji bilan bogʻliq. Garchi mamlakat muhim tranzit nuqtasiga aylanib, iqtisodiy bonuslarni qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻlsada, millatchi partiyalar va revanshist kuchlar Pashinyan hukumatini vatanfurushlikda, turkiy dunyoga yon bosishda ayblamoqda. Ozarbayjon bilan tinchlik bitimi tuzilishiga qarshilik qilmoqda. Boz ustiga Boku va Yerevan oʻrtasida haligacha Armaniston Konstitutsiyasidan Togʻli Qorabogʻ toʻgʻrisidagi bandni olib tashlash, qorabogʻlik arman qochqinlarini joylariga qaytarish, arman harbiy asirlarini ozod qilish masalalarida ziddiyatlar saqlanib qolmoqda.

 2026-yil iyun oyida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan parlament saylovlari Armanistonda kuchlar nisbatini koʻrsatib beradi. Agar xukmron “Fuqarolar shartnomasi” partiyasi saylovlarda gʻalaba qozonsa, prezident N.Pashinyan loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mandatni qoʻlga kiritadi.

Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Oʻzbekiston uchun Transkaspiy xalqaro transport yoʻnalishida Armanistondan oʻtuvchi mazkur transport yoʻlagining ishga tushirilishi muhim strategik ahamiyatga ega. Shimoliy yoʻnalishning Ukrainadagi urush tufayli xavflardan xoli emasligi, Eron yoʻnalishidagi sanksion cheklovlar, Ozarbayjon-Gruziya yoʻnalishidagi katta chiqimlar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun yangi savdo yoʻlidan foydalanish afzalliklarini koʻrsatadi.

Ushbu mavzuga doir Oʻzbekiston transport vazirligi mutaxassislari tomonidan joriy yil iyul oyida tayyorlangan tahliliy hisobotga koʻra, “Zangezur yoʻlagi” ning ochilishi uning yoʻnalishi boʻylab joylashgan mamlakatlarga katta imtiyozlarni beradi.

Hujjatda koʻra, yoʻlak Ozarbayjon-Turkiya yoʻnalishini qisqartirish imkonini beradi. Amaldagi Boku-Tbilisi-Kars yoʻnalishida yuk tashish poyezdlari Gruziya boʻylab taxminan 250 km. masofani bosib oʻtadi. Yangi yoʻnalish sezilarli darajada qisqa: Ozarbayjon chegrasidagi Oqbend qishlogʻiga olib boruvchi yoʻllar qurilishi tugagach, Ozarbayjon va Turkiya oʻrtasidagi masofa 343 km. ga qisqaradi. Bu esa oʻz navbatida vaqt va moliyaviy xarajatlarni tejashga olib keladi, shuningdek, yuklarni yetkazib berish muddatini Gruziya orqali oʻtadigan marshrutga nisbatan taxminan bir kunga qisqartiradi.

Shu bilan birga fikrimizcha, “Shimol-Janub” xalqaro transport yoʻlagining gʻarbiy yoʻnalishidagi (Rossiya-Ozarbayjon-Eron) ehtimoliy uzilish va cheklovlar Moskva uchun Hind okeaniga chiqadigan Transafgʻon temir yoʻlining jozibadorligini oshiradi va mazkur loyihada uning ishtirokini faollashtiradi.

Xulosa qilib aytganda, “Zangezur yoʻlagi” ning AQSH tomonidan ijaraga olinishi bu shunchaki iqtisodiy kelishuv emas, balki Kavkaz mintaqasida kuchlar muvoznatini oʻzgartirishga qodir keng koʻlamli geosiyosiy yurishdir. Agar Vashington mazkur loyihani amalga oshirishga erishsa, u Yevroosiyodagi muhim transport markazi ustidan nazoratni qoʻlga kiritish barobarida Rossiya va Eron taʼsirini zaiflashtiradi hamda NATOning mintaqadagi rolini mustahkamlaydi.

Biroq, Tehronning qarshiligi, arman jamiyatidagi noroziliklar, Moskva tomonidan ehtimoliy javob xatti-harakatlar loyiha oldida jiddiy xavflarni keltirib chiqaradi. AQSH oʻz ittifoqchilari oʻrtasida manfaatlar muvozanatini taʼminlay olsa, beqarorlikni yuzaga keltiruvchi tahdidlarni minimallashtirishga erishsagina, mazkur loyihaning muvaffaqiyati taʼminlanadi. 

 

A.Fatxullayev,

Boʻlim boshligʻi 

Havola nusxalandi!
Operator
Qabul bo'limi
Aloqa markazi
Assalomu alaykum! Savollaringizga javob berishimiz uchun o'zingizni tanishtiring.